Andijonda markaziy bayroq viloyat hokimining onasi vafoti munosabati bilan tushirilganmidi?
Jamiyat
−
22 iyun 2020
15919Ijtimoiy tarmoqlarda Andijondagi markaziy bayroq viloyat hokimining onasi vafot etgani munosabati bilan tushirib qo‘yilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Viloyat hokimligi shu xabarlarga rasmiy munosabat bildirib, bayroqning tushirilish sababini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bayroq matosiga jiddiy shikast yetganligini inobatga olgan holda mas’ullar tomonidan bayroq pastga tushirilgan va 2020 yil 20 iyun kuni yangi bayroq o‘z joyiga o‘rnatib qo‘yilgan.
“2020 yil 19 iyun kuni Andijon shahridagi markaziy bayroq mas’ul mutaxassislar tomonidan pastga tushirilgan. Bayroqni tushirilishiga asosiy sabab 18 iyun kuni yuz bergan shamol oqibatida bayroq sim arqonga o‘ralib, matoga jiddiy shikast yetganligi ma’lum bo‘lgan”, deyiladi xabarda.
Andijon viloyat hokimligi Matbuot xizmati Andijon shahridagi markaziy bayroq tushirilishidan hech qanday maqsad ko‘zlanmaganligini va aksincha matoga jiddiy shikast yetganligi sababli pastga tushirilib, uning o‘rniga yangi bayroq qayta o‘z joyiga o‘rnatilganiga urg‘u bergan.
Eslatib o‘tamiz, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning onasi joriy yilning 9 iyun kuni olamdan ko‘z yumgandi.