Andijonda fuqaroning uyidan 20 kg nasha topildi (video)
3-sahifa
−
15:39 373 3 daqiqa
Andijon viloyatida o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar davomida 20 kilogrammdan ortiq “marixuana”, 470 gramm “gashish” va 114 dona “Tropikamid” dori vositasi aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1967 yilda tug‘ilgan fuqaroning xonadoni tezkor tadbir asosida tekshirilgan. Uning 20 kilogrammdan ortiq “marixuana” saqlab kelayotgani aniqlangan.
Bildirilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 276-moddasi (giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Andijon shahrida YPX xodimlari tomonidan 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi avtomashina to‘xtatilgan. Xolislar ishtirokida transport vositasi ko‘zdan kechirilganda, uning salonidan 33 dona “Tropikamid” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi va qariyb 1 gramm gashish topilgan.
Tezkor tadbir davomida mazkur shaxs bilan tanish bo‘lgan 1991 yilda Andijon shahrida tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadondan 26 dona, 1994 yilda tug‘ilgan shaxsning uyidan esa 55 dona “Tropikamid” aniqlangan.
Shu tariqa, jami 114 dona “Tropikamid” dori vositasi hamda qariyb 1 gramm gashish noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi 3-qismi “v” bandi hamda 276-moddasi (giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Buloqboshi tumanidagi tezkor tadbirda esa Chaqar mahallasi hududida harakatlanib kelayotgan Nexia-2 rusumli avtomashina shubhali ko‘ringani sababli to‘xtatilgan. Avtomobilda bo‘lgan 1985 va 1978 yillarda tug‘ilgan shaxslar xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, 1985 yilda tug‘ilgan fuqaroning yonidan ikki bo‘lakka o‘ralgan, umumiy og‘irligi 470 gramm bo‘lgan “gashish” topilgan.
Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Andijon tumanida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida esa fuqaro tomorqasida 9 tup nasha o‘simligini ekib, yetishtirib va quritib kelayotgani aniqlangan. Olib qo‘yilgan quritilgan “marixuana” nazorat tartibida o‘lchanganda, uning umumiy og‘irligi 2 kilogramm 214 gramm ekani ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 276-moddasi (giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida katta miqdordagi “gashish” giyohvandlik moddasining noqonuniy muomalaga kiritilishiga chek qo‘yilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi