Andijonda 65 yashar erkak voyaga yetmagan majruh qo‘shnisini muntazam zo‘rlab kelgan

3-sahifa

image

Andijon viloyati Paxtaobod tumanida voyaga yetmagan va nogiron 16 yoshli qizni yon qo‘shnisi zo‘rlab kelgan. Bu haqda uning yaqinlari ma’lum qildi, deb yozmoqda “Sputnik” agentligi o‘zbek xizmati. 

Jabrdiyda N.N. (ismi o‘zgartirilgan) II-guruh nogironligi bo‘yicha ro‘yxatda turadi va o‘z tengdoshlariga nisbatan aqlan zaifroq. Shu bois u o‘z vaqtida o‘zi bilan yuz bergan holatlarning nechog‘lik jirkanchligini anglay olmagan.

Qizning onasiga ko‘ra, ushbu hodisa bir necha marotaba sodir bo‘lgan.

Voqea qanday sodir bo‘lgan?

Jabrdiydaning onasi keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, u qizining ilmga chanqoqligini ko‘rib, odamlarga qo‘shilsin degan maqsadda maktabda o‘qitishga qaror qilgan. Pandemiya vaqtida onlayn tarzda o‘qishi uchun unga planshet sotib olib bergan.

Cheksiz internet tarmog‘idan foydalanishi davomida qiz tasodifan pornografik videorolikka guvoh bo‘lgan va uni onasiga ko‘rsatib, “Bu baxtli hayot, falonchi amaki aytdi...” deya o‘zi va qo‘shnisi o‘rtasida yuz bergan holatlar haqida onasiga aytib bergan. Ona ilk marotaba shunda qizi 65 yoshli qo‘shnisi M.M. (ismi o‘zgartirilgan) tomonidan zo‘rlanayotganligini bilib qolgan.

“Qaynotam “Kelin, bir umr nogiron boqib, uyda o‘tirib qoldingiz. Siz ham bundoq ishga chiqib odamlarga qo‘shiling”, degani uchun tumandagi tikuv fabrikasiga ishga joylashgan edim. Pandemiya vaqtida uyimiz derazalarini mixlab qo‘ygan edik. Qo‘shni o‘zining g‘arazli maqsadiga yetish uchun ana shu mixlarni sug‘urib, derazadan tushgan va har gal shu deraza orqali uyga kirib turgan. Qizimni esa “Onangga aytma, baxtli bo‘lasan, qizim, nogiron bo‘lganing uchun senga bu haqda gapirishmagan, aslida hamma shunday qilib, erga tegadi” kabi so‘zlar bilan aldab kelgan”, deydi jabrdiydaning onasi.

Organlarga murojaat

Ona ayrim sabablarga ko‘ra qizi oxirgi marotaba zo‘rlanganidan bir oy o‘tib, tuman IIBga murojaat qilgan. Biroq ish qizning o‘z xohishiga ko‘ra yuz berib kelganligi vaji bilan tugatilgan.

Ammo qizning oila a’zolari yuqori huquqni muhofaza qiluvchi organlariga takror murojaat qillavergach, bu ish bo‘yicha hozirda qayta tergov ochilgan.

“Qizim avvaldan nogiron bo‘lib tug‘ilmagan. U bolaligida bir marotaba “sudorgi” bo‘lib, e’tiborsiz qoldirilgan. Shuning asorati, u tez-tez tutqanoqqa chalinib turadi. Qolaversa, bo‘lgan ishlar unga yomon ta’sir qilganidan esiga tushsa, qayta-qayta gapirib beradigan bo‘lib qoldi”, deydi ona.

Qizning onasi pedofillikda gumonlanayotgan shaxsning g‘oyib bo‘lgani, tergovga kelayotgan yoki kelmayotgani haqida bilmasligini aytgan. Unga nisbatan bu gal qonuniy chora ko‘rilishini istaydi.

Jabrlanuvchining 2020 yil 29 sentyabrdagi arizasiga binoan 2020 yil 4 noyabr kuni Paxtaobod tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi (Shaxsning o‘n olti yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

jinoyat zo'rlash

Baholaganlar

4843

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing