Andijonda 4 tonna AI-92 benzinini noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
09 mart
3074Andijon shahrida 4 tonnadan ziyod AI-92 markali benzin yonilg‘isini noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (“O‘zenergoinspeksiya”) xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirligining Andijon viloyat boshqarmasi va “O‘zenergoinspeksiya” Andijon viloyati hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahri “Ishchilar” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro M.Sh. o‘z xonadonida texnik talablarga zid ravishda benzin yonilg‘isini sotayotganligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu xonadonda bo‘lgan yuk avtomashinasidan jami 4 tonna 910 litr AI-92 markali benzin yonilg‘isini bo‘sh yelim idishlarga quyib olinayotgani aniqlangan.
“Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida ushbu benzin yonilg‘isini Farg‘ona shahrida joylashgan MCHJga qarashli korxonadan hech qanday hujjatlarsiz (yuk xati, shartnomasiz, sertifikatsiz) jami 47 mln 900 ming so‘mga sotib olinganligi ma’lum bo‘ldi”, deyiladi.
Bildirilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan qonuniy choralar ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Farg‘onada uyida dizel yonilg‘isini texnik talablarga zid ravishda sotayotgan shaxs aniqlangandi. Undan 640 litr dizel yonilg‘isi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.