Andijonda 12 tup daraxt “qatl qilindi”
Jamiyat
−
16 yanvar 2022
4943Kecha, 15 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati perinatal markazida 12 ta daraxt kesib tashlangani haqida xabar tarqaldi. Bunday topshiriq shaxsan viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov tomonidan berilgani ham qo‘shimcha qilindi.
Andijon viloyati hokimligi Matbuot xizmati mazkur xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, hozirgi kunda viloyat perinatal markazida keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
“Qurilish loyixasiga ko‘ra, xozirgi kunda hududda 180 dan ortiq manzarali daraxt va ko‘chatlar ekish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari xech kim daraxtlarni kesib tashlash to‘g‘risidagi buyrug‘ini bermaganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi izohda.
Rasmiy munosabatdan ayon bo‘lishicha, yuqorida keltirilgan holat viloyat hokimligi tomonidan aloxida nazoratga olingan emish. Hududda konun buzilish holatlari aniqlangan takdirda aybdorlarga qonuniy jazo choralari ko‘rilar ekan.
Qizig‘i, hokimlik dastlab daraxtlar kesilganini tan olmadi. Markazdagi daraxtlarning shoxlari kesilganini aytib chiqdi. Ammo keyin munosabat matni o‘zgartirib qo‘yildi. Bunga balki Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi o‘rganish boshlagani sabab bo‘lgandir. Ammo rasmiy munosabatda yolg‘on axborot tarqatganlik uchun Matbuot kotibiga ham chora ko‘riladimi yoki yo‘q, bunisi noma’lum. Negaki, ularning faoliyatini muvofiqlashtirib boruvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hozircha jim.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining holat bo‘yicha bergan ma’lumotiga ko‘ra, Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan Andijon shahri Perinatal markazida sog‘lom daraxtlarning kesilgani yuzasidan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda Ichki ishlar boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan tezkor o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Dastlabki surishtiruv natijalariga muvofiq, mazkur hududdagi daraxtlarni kesishga qonunchilikda belgilangan tartibda ekologiya organi xulosasi va ruxsatnoma berilmagan. Mazkur qurilish ob’ekti Davlat investitsiya dasturiga kiritilgan bo‘lib, tashkilot rahbariyati tomonidan uning hududidagi daraxtlarni kesishga ruxsatnoma olish uchun Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilingan.
“Ushbu murojaat natijasini kutmasdan qonunga zid ravishda o‘zboshimchalik bilan bugun tunda ushbu mudhish huquqbuzarlik holati sodir etilgan.
Hozirda surishtiruv ishlari davom etmoqda. Mazkur qonunbuzarlik holati natijalari bo‘yicha qo‘shimcha axborot berib boriladi”, deya ma’lum qilgan qo‘mita.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan mamlakatda daraxt kesish uchun moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgandi.
LiveBarchasi