Andijon va Farg‘onada psixotrop modda savdogarlari ushlandi

3-sahifa

image

Andijon va Farg‘ona viloyati hamda Toshkent shahrida qariyb 14 ming dona psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qayd etilishicha, Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Nexia rusumli avtomashinada yo‘lovchi sifatida harakatlanayotgan Andijon shahrida yashovchi 54 yoshli muqaddam sudlangan fuqaro D.J. aniqlanib, unga tegishli 1 dona polietilen qopda bo‘lgan 1037 dona “Tropikamid” va  224 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham 1778 dona “Regapen” hamda tarkibida psixotrop modda bo‘lgan 500 dona “Sonnat” dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan. Ushbu dori vositalari Qirg‘izistondan olib kelingan.

Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda Qirg‘izistondan “Rishton” chegara-bojxona posti orqali kirib kelgan 49 yoshli muqaddam bir necha marotaba sudlangan N.G. boshqaruvidagi Nexia to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda unda  3527 dona “Zardeks” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.   

Qo‘qon shahrida qayd etilgan holatda esa 36 yoshli U.X. boshqaruvidagi Bestune rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda uning salonida 3360 dona “Regapen” va 1359 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi ma’lum bo‘lgan.  Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, mazkur dori vositalari ham Qirg‘iz Respublikasidan olib kelingan.

Shu kabi harakat Toshkent shahrida ham aniqlanib, 27 yoshli fuqaro V.J. “O‘rikzor savdo kompleksi” MCHJ hududida joylashgan savdo do‘konlaridan birida Qirg‘iz Respublikasidan keltirilgan, lekin bojxona va sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan tarkibida “Sibutramin” kuchli ta’sir qiluvchi modda bo‘lgan jami 2153 dona turli xil mahsulotlarni kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Bildirilishicha, hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Qo‘qon shahrida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Andijon Farg'ona psixotrop

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing