Andijon IIBdan o‘ligi chiqqan fuqaro ishi bo‘yicha tergov harakatlari tugatildi
3-sahifa
−
16 Oktabr 2020
18456Andijondagi qiynoq voqeasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari tamomlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar bermoqda.
Xabaringiz bor, joriy yilning may oyida Andijon shahar Ichki ishlar organlari Faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-sonli ichki ishlar bo‘limi xodimlari fuqaro A.Abdukarimovni noqonuniy ushlab turgan holda iqrorlik ko‘rsatuvi berishga majburlash maqsadida zo‘rlik ishlatib, bosim o‘tkazishgan edi. Oqibatda A.Abdukarimov vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi ish yurituviga olinib, tergov harakatlari o‘tkazildi.
Bosh prokuraturaning ma’lum qalishicha, tergov davomida 6 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 104 (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 206 (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 227 (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish), 234 (Qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) hamda 235 (Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) moddalari bilan ayb e’lon qilinib, 5 nafariga “qamoqqa olish” va 1 nafariga “munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat” ehtiyot choralari qo‘llanilgan.
Hozirda tergov harakatlari tamomlanib, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudiga mazmunan ko‘rib chiqish uchun yuborildi.
LiveBarchasi