“Anhor” va “Navro‘z” bog‘lari o‘rnida uylar qurilmaydi

Jamiyat

image

Toshkent shahridagi “Anhor” va “Navro‘z” istirohat bog‘lari hududida ko‘p qavatli uylar qurilayotgani haqida xabarlar tarqalishi ortidan faol fuqarolar bog‘ hududida qurilish ishlari olib borilishiga qarshi imzo to‘plashni boshlagandi. Shahar aholisini xavotirga solgan vaziyat internetda Golden House kompaniyasiga tegishli bo‘lgan kelajakdagi loyihaning vizualizatsiyasi paydo bo‘lishi tufayli yuzaga kelgandi. Developer mazkur vaziyat yuzasidan izoh berdi. 

Bildirilishicha, Orient Group Management kompaniyasining Golden House developeri ham, Orient Group'ning boshqa kompaniyalari ham ushbu loyihani amalga oshirishni yoki xabarda ta’kidlangan maydonchada qurilishni rejalashtirmagan.

“Internetda tarqatilgan vizualizatsiya 2024 yilda kompaniyadan ketgan Golden House'ning sobiq xodimining ichki taqdimotidan olingan. Bundan tashqari, turli loyihalar muntazam ravishda kompaniyalar va tashqi hamkorlar tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun ishchi guruhlarga taqdim etiladi, yakunda ularning hammasi ham ma’qullanmaydi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Orient Group Management kompaniyasi “Anhor” bog‘i hududida joylashgan “Anhor” savdo markaziga bo‘lgan mulk huquqini boshqa xususiy kompaniyaga o‘tkazish niyatida va faqat ushbu maydonchada, savdo markazi hududi bilan chegaralangan holda, uchinchi tomon kompaniyasi tomonidan yangi bino quriladi.

“Golden House haqida bunday fikrlarni bildirayotgan nashrlar bizni juda hayratda qoldirdi. Kompaniyaning ichki taqdimotidagi ma’lumotni internetga kim va nima maqsadda joylashtirgani hamda toshkentliklarning noroziligiga sabab bo‘lganini bilmaymiz. Afsuski, bu masalani yoritib kelayotgan OAV vakillari va blogerlarning hech biri biz bilan bog‘lanib, rasmiy tushuntirish so‘ragani yo‘q”, deydi Golden House bosh direktori Vladimir Kalina.

Vladimir Kalinaga ko‘ra, Golden House poytaxtning boshqa hududlarida ham qator loyihalarni amalga oshirmoqda va “Anhor” va “Navro‘z” bog‘larida ish olib borishni  rejalashtirmayapti. 

“Meni yaxshi tushunishlari uchun yana bir bor takrorlab o‘taman: bu ob’ektlar, ayniqsa bog‘larning yashil hududlari bo‘yicha mutlaqo rejalarimiz yo‘q”, deydi u.


Maqola muallifi

Teglar

istirohat bog'i “Anhor” “Navro'z”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing