Amir Temur haqida kitob yozgan jurnalist prezidentlikka nomzodini qo‘ymoqchi

Olam

image

Milliy birlik partiyasi sobiq raisi, yozuvchi-publitsist, “Olaylar” gazetasi va shu nomdagi agentlik bosh muharriri Yunus O‘g‘uz Ozarbayjonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini qo‘yishini ma’lum qilgan. Bu haqda Ozarbayjon mahalliy nashrlari xabar berdi.

Yozuvchi yaqin kunlarda hujjatlarni Markaziy saylov komissiyasiga rasman topshirishini aytgan.

"Bu sharafli missiya - tarixiy g‘alabamizdan keyin birinchi marta mustaqil, suveren Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida ishtirok etish. Men radikal muxolifatning saylovlarni boykot qilish qarorini qoralayman. Chunki bu galgi Prezident saylovi nafaqat ichki masala, balki xalqaro ahamiyatga molik voqeadir. Prezident saylovida ishtirok etish uchun shaffof va demokratik muhit yaratilganiga ishonaman. Shuningdek, Vatan urushidan keyin bizning oldimizda ozod qilingan hududlarda qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borish, “Buyuk qaytish” davlat dasturini amalga oshirish, mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligini ta’minlash, aholi ijtimoiy farovonligini yanada yuksaltirish kabi muhim vazifalar turibdi. Prezident sayloviga o‘z nomzodimni ilgari surishdan maqsadim – hal qilinishi kerak bo‘lgan muhim masalalarning ro‘yobga chiqishiga o‘z hissamni qo‘shishdir. Davlatimizning o‘rta va uzoq muddatli maqsadlarida u bilan birga bo‘lish sharaf va fuqarolik burchimizdir. Bu xalqimiz va davlatimiz uchun xayrli va barakali bo‘lsin!”, degan O‘g‘uz.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari 2024 yil 7 fevralda bo‘lib o‘tadi.

15 dekabr kuni hukmron “Yangi Ozarbayjon” partiyasi (YAP) amaldagi davlat rahbari Ilhom Aliyevni prezidentlikka nomzodini ilgari surdi. Bu bilan saylovda ishtirok etadiganlar soni sakkiztaga yetgan.

Ozarbayjonda oxirgi marta prezidentlik saylovlari 2018 yilning aprel oyida bo‘lib o‘tgan edi. Ularning natijalariga ko‘ra, amaldagi davlat rahbari Ilhom Aliyev 86,2 foiz, mustaqil nomzod, deputat Zohid O‘ruj 3,11 foiz, “Butun Ozarbayjon Xalq fronti” raisi, deputat Gudrat Hasanguliyev 3,05 foiz ovoz olgan. Unda Aliyevga 3,192 million kishi ovoz bergan. 

2016 yil sentyabr oyida respublikada Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi, unga jami 29 ta o‘zgartirish kiritildi, jumladan, prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilgacha oshirish, ya’ni navbatdagi saylovlar Ozarbayjonda 2025 yilda o‘tkazilishi kerak edi.

Ma’lumot uchun, Yunus O‘g‘uz 2003 yilgi prezidentlik saylovlarida ham ishtirok etgan va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev foydasiga nomzodini qaytarib olgan edi.

Ta’kidlash joizki, Yunus O‘g‘uz o‘zbek kitobxonlariga ham allaqachon tanilib ulgurgan va uning “Malika va jodugar”, “Amir Temur”, “Ovchi”, “Sulton Alp Arslon”  kabi kitoblari o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Joriy yil noyabr oyida esa dotsent Gulbahor Ashurova tarafidan tarjima qilingan “So‘qmoq” romani o‘quvchilarga taqdim etilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon prezidentlik saylovi Yunus O'g'uz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing