Amerikalik mavqedoshi ortidan Germaniya Mudofaa vaziri ham Kiyevga bordi
Olam
−
21 noyabr 2023
2738Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga bordi. Bu haqda “Frankfurter Allgemeine Zeitung” gazetasi xabar berdi.
Pistorius Kiyevga bugun, 21 noyabr kuni ertalab poyezdda yetib borgan. Vazir Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va ukrainalik mavqedoshi Rustam Umarov bilan muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Germaniya Ukrainaga AQSHdan keyin ikkinchi qurol yetkazib beruvchi hisoblanadi. Oxirgi bir yarim yil ichida Germaniyadan Ukrainaga ko‘rsatilgan gumanitar, moliyaviy va harbiy yordamning umumiy hajmi qariyb 24 milliard yevroni tashkil etdi. Germaniya hukumati kelasi yili Ukrainaga harbiy yordamni 4 milliard yevrodan 8 milliard yevrogacha oshirish niyatida. Noyabr oyi boshida Germaniya hukumati Kiyev hukumatiga avvaldan va’da qilingan yana 25 ta Leopard 1A5 tankini yetkazib berishini e’lon qildi. Ukrainaga uzatilgan qurollarning yangi partiyasi, shuningdek, razvedkachi uchuvchisiz samolyotlar va radarlarni ham o‘z ichiga olgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 20 noyabr kuni AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Ukrainaga tashrif buyurgandi. Uning tashrifi ham oldindan e’lon qilinmagan. Keyinroq Pentagon rahbari Kiyevga 100 million dollarlik yangi yordam paketi ajratilishini e’lon qildi.