Amerikalik erkak lotereyada qariyb 2 mlrd dollar yutdi
Olam
−
26 dekabr 7421 1 daqiqa
AQSHning Arkanzas shtatida yashovchi fuqaro lotereyada 1 milliard 817 million dollar yutib oldi. Bu AQSH tarixidagi ikkinchi eng yirik yutuq hisoblanadi. Bu haqda bugun, 26 dekabr kuni ABC News xabar berdi.
Nashrning yozishicha, amerikalik erkak Powerball lotereya chiptasini sotib olib, Rojdestvo kungi tirajda 4, 25, 31, 52 va 59 raqamlarini tanlagan. Aynan shu raqamlar yutuqli bo‘lib chiqqan.
Endi g‘olib ikki variantdan birini tanlashi mumkin: 834,9 million dollarni biryo‘la naqd pul ko‘rinishida olish yoki butun yutuq summasini 30 yil davomida oylik to‘lovlar shaklida qabul qilish.
Bu jekpot joriy yilda milliard dollardan oshgan ikkinchi yutuq bo‘ldi. Sentyabr oyida Powerball lotereyasida ikkita chipta jami 1,787 milliard dollar yutgan – bu AQSH lotereyalari tarixidagi uchinchi eng katta sovrin hisoblanadi. Powerball ma’lumotlariga ko‘ra, jekpotni yutish ehtimoli 292 milliondan 1 ga teng.
Rekord 2022 yilda o‘rnatilgan bo‘lib, o‘shanda Kaliforniya shtati fuqarosi Edvin Kastro 2,04 milliard dollar yutib olib, Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan. Kastro yutuqni 997,6 million dollar miqdorida biryo‘la olishni tanlagan va bir yil ichida Los-Anjelesda bir nechta hashamatli uy sotib olgan. Eng qimmat uyi 47 million dollarga tushgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Ogayo shtatida erkak unutuvchanligi sababli lotereyada 500 ming dollarlik yutuqqa ega bo‘lgandi.
Live
Barchasi