Amerikalik boylar bir kunda deyarli 100 mlrd dollarga kambag‘allashdi
Olam
−
16 Sentabr 2022
12367Joriy yilning 14 sentyabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining eng badavlat milliarderlarining boyligi 93 milliard dollarga kamaydi. Bu kunlik yo‘qotishlar ichida eng yomon to‘qqizinchi natija bo‘ldi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, bunchalik katta yo‘qotishga AQSHda kutilganidan ham yomonroq inflyatsiya ma’lumotlari fond bozorini qalqitgani sabab bo‘lgan.
Qayd etish kerakki, eng katta yo‘qotish “Amazon” internet do‘koni asoschisi Jeff Bezos hissasiga to‘g‘ri keldi. Ya’ni, Jeffning boyligi 9,8 milliard dollarga kamaygan. “Tesla” va “Sapce X” kompaniyalari rahbari Ilon Mask 8,4 milliard dollarga kambag‘allashgan.
Mark Sukerberg (“Meta” asoschisi), Larri Peyj, Sergey Brin (“Google” asoschilari) va Stiv Balmerning (“Microsoft” bosh direktori) boyliklari esa 4 milliard dollardan ko‘proqqa kamaygan. Uorren Baffet (dunyodagi eng katta investorlardan biri) va Bill Geyts (“Microsoft” asoschisi) esa mos ravishda 3,4 milliard va 2,8 milliard dollar mablag‘idan ayrilgan.
S&P 500 (Standard & Poor's – moliyaviy tahlil bilan shug‘ullanuvchi kompaniya) indeksi 4,4 foizga tushib ketdi. Nasdaq 100 (100 ta kompaniyaning qimmatli qog‘ozlari indeksi) esa 5,5 foizga quladi. Bu ko‘rsatkichlar 2020 yilning mart oyidan beri kuzatilgan eng yomon natija hisoblanadi. O‘shanda 12 foizlik qulash qayd etilgan.
O‘tgan oy xuddi shu amerikalik milliarderlar guruhi Federal Rezerv tizimi (AQSH bank tizimini boshqaruvchi agentlik) raisi Jerom Pauellning sakkiz daqiqalik nutqidan so‘ng bir kun ichida 78 milliard dollar yo‘qotgan edi.
Umuman olganda, dunyodagi eng badavlat 500 kishining boyligi yil boshidan beri taxminan 1,2 trillion dollarga kamaydi. “Meta Platforms Inc” bosh ijrochi direktori Mark Sukerberg 68,3 milliard dollar yo‘qotdi. Bu mablag‘ Markning 54 foiz boyligiga teng edi. “Binance” rahbari Chanpen Chjao esa 61 milliard dollarga yoki taxminan 64 foizga kambag‘allashdi.
LiveBarchasi