Amerikalik askar norozilik sifatida Isroil elchixonasi oldida o‘zini yoqib yubordi
Olam
−
26 fevral
12161AQSH harbiy-havo kuchlarining faol harbiy xizmatchisi Vashingtondagi Isroil elchixonasi oldida o‘zini yoqib yuborishga urindi. Shu tariqa 25 yoshli Aaron Bushnell G‘azo sektoridagi genotsidga qarshi norozilik bildirishga qaror qildi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Internetda tarqatilgan kadrlarda formadagi yigit o‘zini AQSH harbiy-havo kuchlarining faol a’zosi sifatida tanishtirib, “Men endi genotsidda qatnashmayman”, deb aytganini ko‘rish mumkin.
“Men hozir juda kuchli norozilik namoyishi uyushtiryapman, lekin bosqinchilar qo‘lidan azob chekayotgan falastinliklar oldida mening harakatlarim unchalik ahamiyatli emas", deydi Bushnell.
Keyin askar o‘ziga boshdan-oyoq benzin quyib, olov yoqadi va baland ovozda “Falastinga ozodlik!” deb bir necha bor baqiradi. U og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan.
Isroil diplomatik missiyasining matbuot kotibi Tal Naimning so‘zlariga ko‘ra, elchixona xodimlaridan hech biri jabrlanmagan.
“Anadolu” agentligi esa Vashington yong‘in xavfsizligi va shoshilinch tibbiy yordam xizmati vakiliga tayanib, o‘t o‘chirish bo‘limiga mahalliy vaqt bilan soat 13:00 atrofida o‘zini o‘zi yoqishga urinish haqida xabar berilganini yozdi.
“Biz voqea joyiga yetib kelganimizda, forma kiygan xavfsizlik xodimlari allaqachon yong‘inni o‘chirib bo‘lganini ko‘rdik”, deyiladi muassasa xabarida.
LiveBarchasi