Amazon asoschisining sobiq rafiqasi AQSHning eng boy ayoliga aylandi
Olam
−
11 iyul 2020
9460Amazon aksiyalari o‘tgan haftada 10 foizga oshgach, uning bosh direktori va dunyoning eng boy odami Jeff Bezosning sarvati 16,2 mlrd dollarga oshib, 188,2 mlrd dollarga yetdi. Uning sobiq rafiqasi Makkenzi Bezos shu vaqt oralig‘ida 62,3 mlrd dollar boylik bilan Amerikaning eng boy ayoliga aylandi. Bu haqda “Forbes” xabar berdi.
2019 yil iyul oyida nihoyasiga yetgan dunyodagi eng qimmat ajrimdan keyin Makkenzi Bezos eriga tegishli kompaniya aksiyalarining 25 foiziga ega bo‘lgandi. Bu aksiyalar o‘shanda 36 mlrd dollarga teng bo‘lgan. O‘tgan vaqt davomida Amazon aksiyalari narxi tezlikda ko‘tarilishi sababli uning boyligi qariyb ikki baravarga ko‘paydi. Bezos AQSHning eng badavlat ayollari reytingida Walmart supermarketlar tarmog‘i asoschisining nabirasi Elis Uoltonning yetakchiligini tortib oldi.
Hozirda dunyoda faqatgina L'Oreal asoschisining nabirasi Fransuaza Betankur-Mayer boyligi Makkenzi Bezosnikidan ko‘proq bo‘lib turibdi. Uning boyligi 64 mlrd dollar deb baholanadi. Ammo Amazon rahbarining sobiq rafiqasi tez orada uni ham quvib o‘tishi mumkin. Negaki mutaxassislar Amazon aksiyalari yana o‘sishini bashorat qilyapti.
Qayd etish kerakki, dunyodagi eng boy odamning boyligi ilk bor 180 mlrd dollardan oshdi.
LiveBarchasi