Amaldorlarning qilmishlari bilan bog‘liq sudlar televideniyeda translyatsiya qilinadi
Jamiyat
−
25 dekabr 2021
25308O‘zbekiston Respublikasining “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi, jamoatchilik nazorati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.
Qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Fuqarolik protsessual va Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risidagi, davlat xaridlari to‘g‘risidagi, ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonunlarga tegishlicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Fuqarolik protsessual va Jinoyat-protsessual kodekslarining tegishli moddalariga taraflarning roziligi bilan fuqarolar huquq va erkinliklari hamda jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi, aholi sog‘lig‘ini saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi, shu jumladan davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid ishlar, shuningdek, ayrim oilaviy nizolarga oid fuqarolik ishlari bo‘yicha sud majlislarining ommaviy axborot vositalarida translyatsiya qilinishi mumkinligi to‘g‘risidagi yangi normalar kiritilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 8 iyulda qabul qilingan “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonuniga ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatining ochiqligini ta’minlash maqsadida ovchilik uchun ruxsat berish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarning ochiq e’lon qilinishi lozimligi to‘g‘risidagi talablarning belgilanishi bilan qonunning 36-moddasiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risidagi qonunini 171-moddasi bilan to‘ldirish (Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatini tekshirishning ochiqligi), Davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunning 27-moddasini beshinchi qism bilan to‘ldirish (Maxsus axborot portalida mavjud amalga oshirilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi, davlat xaridlarini amalga oshiruvchi komissiyaning tasdiqlangan a’zolari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasining Ochiq ma’lumotlar portaliga joylashtirib borish) taklif etilmoqda.
Mazkur Qonun loyihasini qabul qilinishi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari mansabdor shaxslarining ochiqlik borasida belgilangan majburiyatlarni bajarishdagi mas’uliyatini yanada oshirishga hamda normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasidagi o‘zaro nomuvofiqliklarni bartaraf etishga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.
Qonun loyihasi 2022 yil 7 yanvarga qadar muhokama qilinadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning sobiq Bosh prokurori Rashid Qodirov va boshqalarga nisbatan ochilgan jinoyat ishining sudda ko‘rilishi ham OAV uchun ochiq bo‘lishi aytilgandi. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning aprelida Andijon viloyatiga tashrifi vaqtida o‘tkazilgan yig‘ilish vaqtida sobiq bosh prokuror Rashid Qodirov televideniye orqali gapirtirilishi haqida aytib o‘tgandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev Qodirov ishi bo‘yicha hech narsa sir tutilmasligini alohida ta’kidlagandi.
“O‘zbekiston Respublikasining sobiq bosh prokurori Rashid Qodirovga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha tergov jarayoni yakunlanish arafasida. Bu jinoyat ishi yakunlari bo‘yicha ma’lumotlar batafsil yetkaziladi. Buni mamlakatimiz rahbari ham bir necha bor takrorlagan.
Sud jarayoni qachon boshlanishi, qayerda bo‘lib o‘tishi haqida rasmiy ma’lumotlar beriladi. Hech narsa sir tutilmaydi. Qonun oldida barcha barobar. Katta mansabdor shaxsmi, kichikroq mansabdormi, barcha o‘zining xatti-harakatlari uchun tegishli jazosini oladi”, degandi Erkin Yo‘ldoshev.
Ammo yakunda unday bo‘lmadi. Sud yakunlangach, Rashid Qodirov televideniye orqali gapirtirilmadi. Unga nisbatan ochilgan jinoyat ishi esa yopiq sud majlislarida ko‘rilib, jazo tayinlandi.
LiveBarchasi