Jurnalistlar gapirmasin, eshitsin yoxud soqovga aylanayotgan qalam ahli
Tahlil
−
03 may 2023
147233 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni. Bu kunni dunyo bo‘ylab jurnalistlar keng nishonlaydi, yirik xalqaro tahlil markazlari esa jurnalistlarning erkin faoliyati, mamlakatlardagi so‘z erkinligining darajasini e’lon qilib keladi.
O‘zbekistonda ham bu kun keng nishonlanib, bayram va tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Biroq har yili mamlakat “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkiloti tomonidan e’lon qilingan hisobotlarda nisbatan quyi o‘rinlarni band etib, so‘z erkinligi “bo‘g‘ilgan” mamlakatlar qatoridan joy olib keladi. Garchi O‘zbekiston 2019, 2020, 2021 va 2022 yillarda reytingda biroz oldinga siljishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsada, baribir so‘z erkinligi “yomon” deya baholanuvchi mamlakatlar qatoridan joy olgan.
“O‘zbekistonda so‘z erkinligi borasida oldinda qilinadigan ishlar ko‘p. Biroq so‘nggi vaqtlarda mansabdorlarning jurnalist va blogerlarga nisbatan bo‘layotgan salbiy munosabati va ishlari O‘zbekiston obro‘sini xalqaro darajada pasaytirish, reytingdagi ahvolni yanada yomonlashtirishi mumkin. Xavotirlisi, bu Prezident islohotlarining samaradorligi haqida ishonch pasayishiga sabab bo‘ladi”, deyiladi “Chegara bilmas muxbirlar”ning 2022 yilgi bayonotida.
Ayrim o‘zbekistonlik jurnalistlar esa davlat tashkilotlarining ommaviy axborot vositalari uchun yopiqligi, ulardan ma’lumot olishda qiyinchilikka uchrashlari haqida gapiradi.
QALAMPIR.UZ Jahon matbuoti erkinligi kunida jurnalistlar oldida ko‘ndalang turgan yana bir muammo – davlat idoralarida ishlovchi xodimlar, rahbarlarning OAV savollaridan qochishga urinishini, bugungi kunda keskin kamayib ketgan matbuot anjumanlari misolida tushuntirib beradi.
Matbuot anjumani – bu taniqli shaxslar yoki tashkilotlar jurnalistlarni o‘zlarining taqdimotlarini tinglash va savollar berishga taklif qiladigan ommaviy axborot vositalarining tadbiridir.
Brifing esa – bu bir masalaga bag‘ishlangan qisqa matbuot anjumani hisoblanib, yuqorida biz aytgan matbuot anjumanidan farqli o‘laroq, unda taklif qilinganlarning, jurnalistlarning savollariga javob berilmaydi.
Brifinglar odatda 10-15 daqiqa davom etsa, matbuot anjumanlari bir necha soatlarga cho‘zilishi mumkin. Bunda davlat organlari vakillari va jurnalistlar o‘rtasidagi bahs-munozara, savollar va ularga berilajak javoblar muhim ahamiyat kasb etgani bois OAV vakillari uchun ko‘proq matbuot anjumanlari afzaldir. Bunday matbuot anjumanlari har bir davlat organi, tashkilot va idoralarning o‘zida, lekin asosan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida (AOKA) bo‘lib o‘tadi.
Biroq 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida AOKAda juda kam miqdorda matbuot anjumanlari o‘tkazilgan.
Aniq raqamlarga to‘xtalsak, joriy yil yanvar oyida AOKAda jami 53 marta brifing o‘tkazilgan. Bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanlari soni esa atigi 2 ta.
2022 yilning yanvarida esa 46 ta brifing, 11 marotaba matbuot anjumani o‘tkazilgan edi.
Lekin hatto og‘ir pandemiya vaqtida, ya’ni 2021 yilning yanvar oyida ham jurnalistlar savollariga javob berish maqsadida tashkillashtirilgan matbuot anjumanlari naq 29 marotaba o‘tkazilgan. Bu paytda qisqa xabarlar haqida ma’lumotlar berish uchun bo‘lib o‘tgan brifinglar soni 41 taga teng bo‘lgan.
Shuningdek, 2023 yilning fevral oyida 40 marta brifing o‘tkazilgan bo‘lsa, 11 marotaba jurnalistlar savollariga javob berish uchun matbuot anjumani uyushtirilgan.
Bu ko‘rsatkich 2022 yilda 13 tani, brifinglar soni bo‘yicha esa 42 tani tashkil qilgan.
2021 yil fevral oyida 21 ta brifing, undan ko‘proq, ya’ni 25 ta matbuot anjumani o‘tkazilgan.
Shu yilning mart oyida o‘tkazilgan press-tadbirlar soni ham o‘tgan yillardagidan ancha kamroq. Butun mart oyi davomida O‘zbekistondagi davlat organlari, idora va tashkilotlar jamoatchilikka hisobot va axborot berish maqsadida 28 ta brifing va atigi 9 ta matbuot anjumani o‘tkazgan bo‘lsa, 2022 yilning martida ularning soni 41 ta brifing va 18 ta matbuot anjumaniga teng edi.
Yuqoridagilar kabi 2021 yilda matbuot anjumanlari soni ko‘proq bo‘lgan. 19 ta matbuot anjumani va 34 ta brifing.
Joriy yilning aprel oyida esa umuman AOKA binosida matbuot anjumani bo‘lib o‘tmagan. Agentlik mas’ul xodimi esa buni davlat idoralari o‘z binosida bunday press-tadbirlar o‘tkazishni yo‘lga qo‘ygani bilan izohladi. Ammo QALAMPIR.UZ’ning kuzatuvlari shuni ko‘rsatmoqdaki, bu oy davomida faqat Madaniyat va turizm vazirligida III Xalqaro baxshichilik festivaliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazilgan, xolos.
Qolaversa, aprel oyida bo‘lib o‘tgan brifinglar soni ham kamroq – 25 ta.
O‘tgan yili bu oy davomida naq 55 ta brifing hamda jurnalistlarga savol berish imkoniyatini taqdim etgan 17 ta matbuot anjumanlari bo‘lib o‘tgan.
2021 yilning aprel oyi ko‘rsatkichlari ham havas qilsa arzigulik – 74 ta brifing hamda 18 ta matbuot anjumani!
Bundan ko‘rinib turibdiki, davlat organlarining jamoatchilikka beradigan hisobotlari soni keskin kamaygan. Natijada esa jurnalist va blogerlarning ham AOKA binosida davlat amaldorlarini so‘roqqa tutish, ulardan intervyu olish imkoniyati qisqarmoqda.
Bunday sharoitda jurnalist va blogerlarning muhim mavzular yuzasidan intervyu olish maqsadida davlat tashkilotiga xat bilan murojaat qilishdan boshqa iloji yo‘q. Lekin bu holda ham yo‘llangan xatlarga vaqtida javob bermaslik, oqibatda esa mavzuning aktuallik darajasi tushib ketish holatlari kuzatiladi.
Aniq misollar bilan aytganda, joriy yilning 15 mart kuni QALAMPIR.UZ tahririyati Toshkent shahar hokimligiga o‘sha vaqtdagi shahar hokimi vazifasini bajaruvchi hisoblangan Baxtiyor Rahmonovdan poytaxt ko‘chalaridagi muammolar, ta’mirtalab yo‘llarda vaziyat o‘nglanmayotgani, oqibatda haydovchilar ba’zan qoidalarni buzishga majbur bo‘layotgani haqida intervyu berishini so‘rab xat yuborgan edi. Ammo hokimlik intervyu berishni sababsiz rad etib, oradan 20-30 kun o‘tgach, faqat ikkita tuman nomidan javob xati yo‘llandi.
Bu albatta, tahririyatimiz bilan bog‘liq bo‘lgan birgina holat. Aslida jurnalist va blogerlarning axborot olish istagi rad etilgan holatlar oz emas.
Shunday sharoitda o‘zbekistonlik jurnalist va blogerlar 3 may – Jahon matbuot erkinligi kunini “bayramim” deb nishonlay oladilarmi?
OAV mikrofonlarini ko‘rsa, yuzini ters buradigan, beriladigan savollardan qo‘rqib, matbuot anjumanlari o‘tkazmaydigan mansabdorlar bu savolga javob berarmikan?
LiveBarchasi