Amaldorlar ham saylovda ovoz berdi (foto)

Jamiyat

image

Bugun, 27 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘lib o‘tmoqda.

Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 08:00 da ochildi va saylovchilar ovoz berishni boshladi. Saylovda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov oila a’zolari bilan birga Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 520-saylov uchastkasiga tashrif buyurib, saylovda ovoz berdi.


Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov Nukus shahri “Qumbiz ovul” MFY hududidagi 83-saylov uchastkasiga borib, saylovda ishtirok etdi.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Yunusobod tumanidagi 531-saylov uchastkasiga tashrif buyurib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlariga saylovda ovoz berdi.



Shuningdek, ovoz berish jarayonlarida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov qatnashdi.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva oila a’zolari bilan birga poytaxtdagi 576-saylov uchastkasida, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov esa Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 32-saylov uchastkasiga borib, ovoz berdi.

Bundan tashqari, saylovda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov, Sirdaryo viloyati hokimi Akmal Mahmudaliyev, Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, Navoiy viloyat hokimi Normat Tursunov, Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev, Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun, Qonunchilik palatasi saylovlari ilk marta majoritar-proporsional (aralash) tizim asosida o‘tkazilmoqda.

Bu tizimda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga bo‘linadi. Parlament quyi palatasi deputatlarining 75 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha majoritar tizim (nomzod uchun ovoz berish), qolgan 75 nafari proporsional tizim bo‘yicha, ya’ni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida (partiya ro‘yxati asosida) saylanadi.

Markaziy saylov komissiyasiga ko‘ra, parlament saylovida jami 851 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi, jumladan o‘n uchta nufuzli xalqaro tashkilotlardan, xususan Yevropada Xavfsizlik Hamkorlik Tashkilotning Parlament Assambleyasi va Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Turkiy Davlatlar Tashkiloti, Turkiy Davlatlar Parlament Assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Islom Hamkorlik Tashkiloti hamda boshqa xalqaro tuzilmalardan jami 560 nafar, xorijiy davlatlar 24 ta saylov organlaridan 46 nafar, dunyoning 43 ta davlatidan 245 nafar xorijiy (xalqaro) kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.

Ayni paytda, siyosiy partiyalardan 55 ming nafar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 10 ming nafardan ortiq kuzatuvchi saylovni kuzatib bormoqda.

Shuningdek, hozirgi kunga qadar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining jami 1 068 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.

Ovoz berish soat 20:00 ga qadar davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

saylov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing