Alonsoning “Real Madrid”dagi kelajagi muhokama qilindi
Sport
−
09 dekabr 908 2 daqiqa
“Real Madrid” prezidenti Florentino Peres klub direktorlar kengashi bilan uchrashib, jamoa bosh murabbiyi Xabi Alonsoning kelajagini muhokama qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yana bir salbiy natija Alonsoning “Real”dagi faoliyati uchun hal qiluvchi bo‘lishi mumkin. Bu haqda ESPN xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, uchrashuv joriy yilning 8 dekabr kuniga o‘tar kechasi “Santyago Bernabeu”da “Selta”dan 0:2 hisobida kutilmagan mag‘lubiyatdan so‘ng bo‘lib o‘tgan. Rahbariyat “Selta”ga qarshi mag‘lubiyatni keskin orqaga chekinish sifatida baholagan.
Ushbu mag‘lubiyat Madridni turnir jadvalida “Barselona”dan 4 ochko ortda qoldirdi. La Liganing so‘nggi 5 ta o‘yinida atigi bitta g‘alaba qozongan Xabi Alonsoning bosim ostida qolgani aytilmoqda. Klubdagi manbalarga ko‘ra, boshqaruv kengashi Alonsoning imkoniyatlarini qayta ko‘rib chiqmoqda va Chempionlar ligasi doirasidagi “Manchester Citi”ga qarshi o‘yin murabbiy uchun burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin.
Madridliklarning sobiq ustozi Zinedin Zidan va “Kastiliya” murabbiyi Alvaro Arbeloa Alonsoning o‘rniga potensial nomzodlar sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
Shuningdek, yig‘ilishda direktorlar kengashi jamoa ichidagi muhit va boshqaruvdagi muammolarni ham muhokama qilgan. Xususan, Vinisius Juniorning shartnomasi borasidagi noaniqlik saqlanib qolayotgani, shuningdek, Jud Bellingam va Federiko Valverdening o‘yinidagi pasayishlar klubda xavotir uyg‘otmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Real Madrid”ning ayrim futbolchilar jamoa bosh murabbiyi Xabi Alonsodan norozi ekanligi haqida xabar berilgan edi.