Alonso yangi klub bilan muzokaralarni boshladi
Sport
−
13 yanvar 7183 2 daqiqa
Ispaniyalik murabbiy Xabi Alonso “Real Madrid”ni tark etganidan so‘ng yangi klubni boshqarish bo‘yicha taklif oldi. Bu haqda “Fichajes” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Londonning “Tottenxem” klubi allaqachon Alonso bilan aloqaga chiqib, unga Angliyada ishlash taklifini bildirgan. Klub rahbariyati jamoadagi vaziyatni yaxshilash uchun shoshilinch tashqi yordam zarur, deb hisoblamoqda. Xabarlarga ko‘ra, hozirgi natijalar tezkor qaror qabul qilishni talab etmoqda va Alonso nomzodi “Tottenxem” boshqaruv kengashi a’zolari orasida yakdil qo‘llab-quvvatlanmoqda. Uning Angliya chempionati haqidagi bilimi va kiyinish xonasida qat’iy talablar asosida ish olib borish qobiliyati “Santyago Bernabeu”dagi so‘nggi qiyinchiliklarga qaramasdan, yuqori baholanmoqda.
Nashrga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar ijobiy ruhda kechmoqda. Har ikki tomon ham basklik mutaxassis bilan doimiy shartnoma tuzishdan manfaatdor. Alonso jamoa natijalarini qisqa vaqt ichida yaxshilash va klub uchun omadsiz kechayotgan mavsumni saqlab qolish vazifasi bilan kelishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, ayni paytda “shporlar” Angliya Premer-ligasida 27 ochko bilan 14-o‘rinni egallab turibdi. Jamoa joriy mavsum davomida 11 ta o‘yinda g‘alaba qozongan, 12 ta uchrashuvda esa mag‘lub bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 yanvar kuni “Real Madrid” Xabi Alonso iste’foga chiqqanini hamda uning o‘rniga Alvaro Arbeloa bosh murabbiy etib tayinlanganini rasman e’lon qilgan edi. Xabi Alonso jamoani 2025 yil yozidan buyon boshqarib kelgan. Uning rahbarligida “qirollik klubi” barcha musobaqalarda 34 ta uchrashuv o‘tkazib, 24 tasida g‘alaba qozongan, 4 ta o‘yinni durang bilan yakunlagan va 6 ta bahsda mag‘lub bo‘lgan.
Live
Barchasi