Alloh taolo Muhammad alayhissalomning qaysi fazilatlarini “ulug‘”, deya e’tirof etgan edi?

Foydali

Ramazon oyida mo‘min kishi odobli bo‘lish, axloqini sayqallash, adabining yuksalishiga erishadi. Ro‘zaning talablari va qoidalariga rioya qilinsa, Ramazon bandani odobli mo‘minga aylantiradi. Chunki mo‘minlikning ko‘rki ham bu – odob. 

Tahririyatimizning mehmoni, Toshkent shahridagi “Xo‘ja Alambardor” jome masjidi imom-xatibi Rahimberdi domla Rahmonov bilan ana shu fazilat haqida suhbatlashdik.

“Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning bizga qoldirgan eng katta meroslari bu odobdir. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Va, albatta, siz ulug‘ xulq sohibisiz”, deya Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamning xulqlarini e’tirof etgan. Vaholanki, Rasuli Akram alayhissalomni maqtasa, har jihatlari bunga munosib edi. 

Demak, insonni maqtasa maqtagulik jihati uning odobi bo‘ladi. Masalan, birovning kiyimiga, mingan uloviga, qurgan imoratiga qarab uni maqtamaymiz, odobiga, xulqiga qarab baho beramiz. 

Agar biz oyatga e’tibor beradigan bo‘lsak, Alloh taolo Muhammad alayhissalomning odoblarini “ulug‘ axloq”, deya e’tirof etyapti. Chiroyli, go‘zal xulq sohibisiz demadi, balki ulug‘ axloq sohibisiz dedi. Bundan kelib chiqadiki, axloqli bo‘lish bu – ulug‘likdir. Ilm bo‘lsayu, molu davlat bo‘lsayu, odob bo‘lmasa, bu narsalar unga hurmat keltirmaydi”, dedi suhbatdoshimiz.

Rahimberdi domla Rahmonovning ta’kidlashlaricha, inson uchun odobli farzandlar, qo‘shnilar, do‘stlar, xodimlar kerak. Bunday insonlardan ko‘ngil yorishadi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam o‘z ummati uchun odob borasida ham namuna bo‘ldilar. Xasan Basriy aytadilar: “Odobi yo‘q odamni hattoki, ilmining e’tibori yo‘q”. Iymon ham, ilm ham, davlat ham, maqom ham, martabayu mansab ham, yoshlik ham, keksalik ham agar odob bilan bo‘lsa, bu fazilatga aylanadi, insonga hurmat va izzatni ta’minlab beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Ramazon

Baholaganlar

101

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing