Allergik kasallikka chalinganlarning elektron reyestri tuziladi
Salomatlik
−
24 noyabr 2023
3268O‘zbekistonda allergik kasallik ko‘rsatkichlari yuqori hududlarda ommaviy skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning kecha, 23 noyabr kuni qabul qilingan “Allergik kasalliklarning oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-371-son qarorida ma’lum qilindi.
Hujjatda tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inidan boshlab allergik kasalliklarning epidemiologik ko‘rsatkichlari ustidan nazorat kuchaytirilishi va manzilli skrining tekshiruvlari joriy etilishi belgilangan.
Qayd etilishicha, 2024 yil 1 yanvardan allergik va immunologik kasalliklarga chalingan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da bo‘lgan bemorlarni ingalyatsion glyukokortikosteroid dori vositalari bilan bepul ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, 2024 yildan allergik kasalliklar (shu jumladan mavsumiy allergiya) ko‘rsatkichlari yuqori hududlarda yiliga kamida bir marta ommaviy va selektiv skrining tekshiruvlari o‘tkazilishi, shuningdek, hududlarda allergologiya va klinik immunologiya yo‘nalishida yuqori texnologik tashxislash va davolash amaliyotlari turlari bosqichma-bosqich 10 turdan 20 turgacha oshirilishi belgilangan.
Shuningdek, 2024 yil 1 yanvardan Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi etib qayta tashkil qilinadi. Toshkent shahri aholisi uchun allergik kasalliklar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordam Markaz tomonidan ko‘rsatiladi.
Qarorga ko‘ra, 2024 yildan quyidagilarni nazarda tutuvchi tizim joriy qilinadi:
- allergik kasalliklar keltirib chiqaruvchi aeroallergenlar tarkibi va mavsumiy tarqalish ko‘lami hududlar kesimida o‘rganilib, uning natijalari Xalqaro molekulyar allergologiya markazi tomonidan Gidrometeorologiya xizmati agentligiga muntazam taqdim etib boriladi;
- aeroallergenlar tarkibi va mavsumiy tarqalish ko‘lami to‘g‘risidagi ma’lumotlar atrof tabiiy muhit ifloslanishiga oid ma’lumotlar bilan birgalikda tegishli veb-sayt va boshqa manbalar orqali e’lon qilib boriladi.
- 2024 yil 1 aprelgacha allergik kasallikka chalingan bemorlarning elektron reyestri yaratilib, amaliyotga tatbiq etiladi.
LiveBarchasi