Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

Allamjonovga qasd qilganlar jazosini oldi

3-sahifa

Bugun, 12 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudida Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga oid jinoyat ishi doirasida 10 nafar shaxsga nisbatan sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.

E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq Prezident xavfsizlik xizmati sobiq xodimi Shuhrat Rasulovga 23 yil, Javlon Yunusovga 18 yil 6 oy, sobiq IIB xodimi Doniyor Toshxo‘jayevga 7 yil, Shohrux Ahmedovga 23 yil, Ismoil Jahongirovga 23 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Qolgan 5 nafar sudlanuvchiga qilmishiga muvofiq ravishda turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari berilgan. Ularning shaxsi esa ochiqlanmagan.

Keling, endi suiqasdda aloqadorligi aniqlanib, qamalgan shaxslarga alohida-alohida to‘xtalamiz.

Ismoil Jahongirov va Shohrux Ahmedovlar Allamjonovga suiqasddan bir kun o‘tib, suiqasdni o‘z bo‘yinlariga olib videomurojaat bilan chiqqan ikki yigit. Dastavval ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ularning murojaati jiddiy qabul qilinmagandi. Ammo sud hukmidan aniq bo‘lishicha, ularning Allamjonov ishiga aloqadorligi tasdiqlangan.

Ular o‘z videomurojaatlarida ularni Oybek ismli shaxs yollangani va aldaganini ochiqlagandi. Lekin ularni yollagan Oybek kim, bu aniq emas.

Shohrux Ahmedov esa shu kunga qadar Ramzan Qodirov shaxsi bilan bog‘lanib kelmoqda. Chunki u Allamjonovga suiqasddan 3 yil oldin, ya’ni 2021 yilda Turkiyada boshqa bir suiqasdda, aynan Ramzan Qodirovning dushmanlariga qilingan suiqasdda ayblanib qamalib chiqqan.

Agar Allamjonov ishini zimdan kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, unda Javlon Yunusov shaxsi ham sizga yaxshi tanish. O‘zbekistondagi ko‘plab kompaniyalar egasi Javlon Yunusov suiqasdning bosh-qoshi sifatida ta’riflanib kelmoqda.

Bir muddat avval u Interpol tomonidan qidiruvga berilib, Janubiy Koreya Respublikasida qo‘lga olingan va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingandi.

23 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Shuhrat Rasulov yuqorida aytilganidek, suiqasdga dovur yuqori lavozimda faoliyat yuritgan. U Prezident davlat xavfsizlik xizmatining xavfsizlik boshqarmasi sobiq rahbari edi. U Komil Allamjonovga suiqasdning asosiy tashkilotchisi sifatida qo‘lga olingandi.

Doniyor Toshxo‘jayev polkovnik. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Tergov departamenti boshlig‘i lavozimida ishlagan. 2020 yil yanvaridan Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga boshliq etib tayinlangan. 

Toshxo‘jayev Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida 2023 yil avgustdan buyon ishlab kelayotgan edi. U Allamjonov ishida tergovning xolis o‘tishiga to‘sqinlik qilishda ayblangan.

Toshxo‘jayevga prokuror tomonidan 9 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosi so‘ralayotgani haqida Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov bir kun oldin xabar bergandi.

Mazkur voqealarning, qamalganlarning barchasi haqida Komil Allamjonov o‘z munosabatini bildirishni ham unutmadi. Uning yozishicha, “Haqiqat bukila-bukila, egila-egila baribir yuzaga chiqqan”.

“Katta oyim rahmatlik har doim duo qilganlarida, o‘t balosidan, suv balosidan, quruq tuhmatdan Allohning o‘zi asrasin derdilar. O‘tgan 5 oy ichida o‘zimdan o‘tgani faqat o‘zimga, oilamga, eng yaqinlarimga ayon. Haqiqat egilganda egilib, bukilgandayam ikki bukilib baribir sinmadi, u baribir yuzaga chiqdi. Yuzaga chiqadi ham.

Allohga ming shukur. Bandasidan qochganlar Yaratgandan qocholmaydi. Hali oldinda qiladigan ishlar, yana ko‘p sinovli kunlar bor. Ilohim, bularning hammasidan yorug‘ yuz bilan o‘tish nasib qilsin!” 

Shuningdek, u postiga o‘zining doimiy shiorini qo‘shimcha qilishni unutmagan.

“Alloh hammamizning omadimizni bersin”.

Ma’lumot uchun, 26 oktyabr kuni soat 01:40 larda ichida Prezident Administratsiyasi Axborot siyosati departamenti sobiq rahbari Komil Allamjonov bo‘lgan Range Rover rusumli avtomashina Qibray tumani, Ifor ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan vaqtida 2 nafar noma’lum shaxslar mazkur avtomashinaga o‘qotar quroldan bir necha marotaba o‘q uzib, noma’lum tomonga yashiringan. Ushbu holatda biror-bir shaxs tan jarohati olmagan.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 97 (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248 (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Bosh prokuratura, Toshkent viloyati, Toshkent shahar, Harbiy, Transport prokuraturalari hamda IIV, viloyat, Toshkent shahar IIBB, Bojxona qo‘mitasi xodimlaridan iborat tarkibda tergov-tezkor guruhi tuzilgan.

Prezident Administratsiyasi mulozimi darajasidagi odamga suiqasd O‘zbekistonning yaqin 25-30 yillik tarixida ko‘zga ko‘rinmagan, quloq bilan eshitilmagan holat bo‘ldi. Bu ish ko‘pchilikda xavotir ham uyg‘otdi. Kuni kecha, 2019 yildan beri O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi sifatida ishlab kelayotgan, general-leytenant Abdusalom Azizov, IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i polkovnik Ahrorjon Halimjonovich Atxamov, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Doniyor Baxtiyorovich Toshxo‘jayev, Toshkent shahar IIBB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Temur Akramovich Sobirov, Davlat xavfsizlik xizmatining Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan polkovnik Alijon G‘aniyevich Ashurov, O‘zbekiston Bosh vazirining yordamchisi – Bosh vazir qabulxonasining mudiri vazifasida ishlab kelayotgan Sarvar G‘aniyevich Ashurovlarning lavozimidan ozod qilinishi aynan sobiq administratsiya mulozimi Komil Allamjonovga nisbatan uyushtirilgan suiqasd va bu ishning tergovi bilan bog‘lanmoqda. Albatta, yuqorida nomini sanaganimiz qudratli kursilardan olingan shaxslarning nima uchun ishdan olingani haqida aniq gap aytilganicha yo‘q. Qolaversa, bu ishlar Allamjonov bilan bog‘liqmi yo‘qmi degan savolga aniq va rasmiy javob berilmadi. Ammo Allamjonov voqeasiga oid shu vaqtgacha tarqalayotgan norasmiy xabarlar sekin-asta o‘z tasdig‘ini topmoqda.

Shuningdek, OAVda O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori Dmitriy Liga ham suiqasd qilingan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga qilingan suiqasddan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan bu voqea ham Allamjonovga daxldorligi aytilmoqda. 

Suiqasdni amalga oshirganlikda ayblanib, ikki rossiyalik chechen fuqarosi O‘zbekiston tomonidan Interpol qidiruviga berildi.  Bular:

  • Bislan Rasayev 1988 yil 26 may kuni Rossiyada tug‘ilgan. Avvalroq u Ukraina hududida qurolli to‘qnashuv qilganlikda ayblangan.

  • Shamil Temurxonov 1993 yil 10 avgust kuni Rossiyada tug‘ilgan. Bo‘yi 1 m 90 sm. Vazni 90 kg.

Qidiruvga berilgan har ikki erkak toifasi qizil bo‘lib, o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Ammo kuni kecha Bislan Rasayev ismi Interpol qidiruvidagi shaxslar ro‘yxatidan g‘oyib bo‘ldi. Bu katta ehtimol bilan uning qo‘lga olingani va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinganini anglatadi. Ammo O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi QALAMPIR.UZ’ga bu ma’lumotlarni hali tasdiqlamadi. Vazirlik voizining ma’lum qilishicha, bunda boshqa sabablar ham bo‘lishi mumkin.

Mazkur voqealar fonida Checheniston rahbari Ramzan Qodirov bayonot bilan chiqib, suiqasdga uchragani aytilgan shaxslar Komil Allamjonov va Dmitriy Liga ochiqchasiga tahdid ham qilgandi. 

“Komil Allamjonov va Dmitriy Liga qurbonlar rolini o‘ynamaslikni tavsiya qilaman. Nimani rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, o‘z vaqtida to‘xtatganingiz ma’qul, aks holda siz barcha intrigalar, tuhmatlar va taxminlar uchun javob berishingiz kerak bo‘ladi. Va endi men an’analarimizga ko‘ra javob haqida gapiryapman”, deya tahdid qilgan Ramzan Qodirov.

Bundan tashqari, Allamjonov boshqa tomondan o‘ziga suiqasdda ayblanib, jazolangan xodimlarini himoya qilishga o‘tgan. Sud tomonidan ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan Allamjonovning 7 nafar xodimlari hozirda qayta appelyatsiya bergan. Ammo ularning 13 yanvar kuni boshlangan sudi noma’lum sabablarga ko‘ra to‘xtab qoldi. Xodimlarni himoya qilayotgan Allamjonovning advokatining aytishicha, sudga tashqi tomondan bosimlar bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Biroq hozircha bu bosimlarni kimlar qilayotgani aniq-tiniq aytilmayapti. Nima ham deymiz, Allamjonov ishi borgan sari keskin tus olmoqda. QALAMPIR.UZ bilan voqealar rivojini kuzatishda davom eting.


Maqola muallifi

Teglar

Komil Allamjonov Aziz Obidov Bislan Rasaev Shamil Temurxonov Allamjonovga suiqasd

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing