Allamjonov Telegram’dagi yangilikni tekinxo‘rlikka tenglashtirdi

Jamiyat

image

Avvalroq Telegram messenjeri kanallarda reklama joylashni boshlayotgani haqida xabar bergan edik. Reklama beruvchi o‘zi istagan kanalni tanlashi mumkinligi, uning egasi reklamaga ta’sir o‘tkaza olmasligi aytilgandi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri Telegram orqali berilayotgan reklama hatto O‘zbekiston Prezidentining sahifasida ham paydo bo‘la boshladi. O‘zbekiston Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov messenjerning reklama siyosatini tanqid qilib chiqdi.

“Telegram asoschisi Pavel Durovning Telegram’dagi yangi reklama siyosati juda ham o‘ylantiryapti. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, siz obuna bo‘lgan kanal, bloger yoki tahririyat maqolalari orasida turli reklamalar paydo bo‘lyapti.

Telegram messenjeri tartibiga ko‘ra, endilikda ular tahririyat yoki bloger ruxsatisiz, xohlagan kanaliga reklama qo‘yishi mumkin. Bundan kelib chiqadiki, siz eshakdek ishlab kanalni ko‘tarasiz, uning obro‘si uchun xavf-xatarga qaramay yozasiz, sizning kanalingizni hamma o‘qishni boshlaganida Telegram tayyorga ayyor bo‘lib, sizdan so‘ramay o‘z reklamasini sizning kanalingizga qo‘yib, pul ishlaydi. Sizga esa figushki. Yana nimamush, “Reklama ko‘rishni istamaysanmi? To‘la! Reklama sening kanalingda chiqishini xohlamaysanmi? To‘la!” Yaqinda O‘zbekiston Prezidenti kanalida yoki xuquq-tartibot organlari kanalida ham reklama chiqishi g‘alati ko‘rindi”, deydi Allamjonov.

Fond rahbari kanallarda berilayotgan reklama sahifa egasiga yoqadimi, kontent mavzusiga mosmi, yo‘qmi bu messenjerni ishlab chiqqanlar uchun ahamiyatsiz ekaniga ham to‘xtalgan.

“Bu reklama sizga yoqadimi, siz olib borayotgan kanal mavzusiga to‘g‘ri keladimi, yo‘qmi — ularga farqi yo‘q. Pul kelsa bo‘ldi. Xohlasa, cho‘chqa go‘shtini, xohlasa, dinimizga zid bo‘lgan reklamalarni sizga tiqishtirsa ham, siz hech narsa qila olmaysiz”, deydi u.

Allamjonov so‘zida davom etib, kanal kuzatuvchilari reklamani sahifa egasi joylashtiryapti degan xayolga borib, unga ishonib qolishi mumkinligi masalaning eng xavfli jihati ekanini ta’kidlagan.

“Eng xafli, achinarli tarafi, ko‘pchilik doimiy kuzatib borayotgan kanallariga ishonadi va bunday reklamalarni kanal egasi tavsiya kilyapti, degan hayolga borishi mumkin. Shu sabab ko‘p rus Telegram segmentidagi kanal administratorlari bunday “yangilikdan” so‘ng isyon ko‘tardilar! “Hoooy, bu reklama bizdan emas, uzr endi shunday bo‘lib qoldi, ishonib qolmanglar” degan ma’noda”, deya vaziyatning jiddiyligiga e’tbor qaratgan Allamjonov.

Bundan tashqari, jamg‘arma raisi Rossiyaning Federal jazoni ijro etish xizmatining Telegram’dagi kanalida kriptovalyutalarning reklamasi chiqqanini aytib, bu g‘alati holat ekanini urg‘ulagan.

“Bu kabi reklamalar davlat organlari va tashkilotlarining kanallarida, siyosatchilarda hamda hukumat odamlarining kanallarida chiqishi noo‘rin. O‘z navbatida bu ularning obro‘si va mavqeiga jiddiy putur yetkazishi aniq!

Hurmatli Pavel, Telegram’ga hammani obdon o‘rgatib qo‘yib, endi bu yo‘l bilan proyektni monetizatsiya qilmasangiz bo‘lardi. Albatta, bizdan so‘rab o‘tirarmidingiz. Undan ko‘ra, katta kompaniyalarga sotib yuborganingiz yaxshi kompaniyani, birovning kanaliga “naglo” o‘zingizni reklamangizni joylagandan ko‘ra. Yoki Youtube'ga o‘xshab bo‘lishing kanal egalari bilan va o‘sha kanalga zid reklamani qo‘ymaslik imkoniyatini ham yarating”, deyya so‘zini yakunlagan Allamjonov.

Shu o‘rinda, Telegram asoschisi Pavel Durov messenjer reklama qo‘yishni boshlashni e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay, kompaniya sahifa egalariga to‘lov evaziga e’lonlarni ularning kanalida qo‘ymaslik imkoniyatini yaratish ustida ish boshlanganini ma’lum qilgandi. Bu xizmat noyabr oyi oxirigacha ishlab chiqilishi kerak edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Komil Allamjonov

Baholaganlar

372

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing