Allamjonov OAV va blogerlarning “ovozini o‘chirish” kimlarga foyda keltirishini oshkor qildi

Jamiyat

Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta blogerlar Telegram`dagi akkauntini buzishga urinish bo‘lgani haqida yozib chiqqandi. Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov mazkur holatga o‘z munosabatini bildirdi.

Komil Allamjonov holatni OAV va blogerlarning so‘z erkinligiga tahdid deb baholadi. U shuningdek, jurnalist va blogerlarni jim qilishga urinish befoyda ekanini aytib o‘tdi.

“Kuni kecha bir necha blogerlarning Telegram tarmog‘idagi akkauntini buzishga urinishlar bo‘lgani haqida yozishdi. Buni kim, nima maqsadda qilgani hozircha aniq emas, lekin buni bevosita OAV va blogerlarga, so‘z erkinligiga tahdid sifatida baholash mumkin. Bugungi kunda OAV va blogerlarning “ovozini o‘chirishga” urinish hech qanday natija bermasligini tushunish vaqti keldi”, deydi Allamjonov.

Vaziyatga baho berarkan, u bugungi texnologiya asrida axborotga qo‘yilayotgan sun’iy to‘siqlar, xorijiy OAVning foydasiga xizmat qilishiga e’tibor qaratgan.

“Hozirgi texnologiyalar asrida informatsiyani sun’iy yo‘l bilan to‘sishning imkoni yo‘q. Bu yo‘l bilan faqatgina boshqalarga, aniqroq aytganda, xorijdagi bizga do‘st bo‘lmagan OAVga yo‘l ochib bergan va ularni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lib qolamiz. O‘zimizda informatsion tanqislik yuzaga keladigan bo‘lsa, ilojsiz auditoriya aynan xorij manbalaridagi ma’lumot bilan ishlashni boshlaydi. Bu esa vaziyatni faqatgina yomonlashtiradi”, deya fikr bildirgan fond raisi.

Allamjonovning so‘zlariga ko‘ra, bu vaziyatda eng ma’qul yo‘l jamiyatga ko‘zgu tutib turgan OAV va blogerlar ko‘tarib chiqayotgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish orqali vaziyatni yo‘lga solishdir.

“Bunda jurnalist va blogerlarni dushman bilmasdan, ularni do‘stdek qabul qilishga ko‘nikishimiz kerak. Do‘stlarning Telegram akkauntlari esa “vzlom” qilinmaydi”, deb so‘zini yakunlagan Komil Allamjonov.


Maqola muallifi

Teglar

Komil Allamjonov

Baholaganlar

335

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing