G‘alla shartnomasini birinchi bajargan sektor rahbarlariga mashina beriladi
Jamiyat
−
28 fevral 2019
6516Toshkent viloyatida joriy yil g‘alla shartnomasini birinchi bo‘lib bajargan tumanning to‘rtala sektor rahbarlariga xizmat mashinasi beriladi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat hokimi G‘ulomjon Ibragimov ma’lum qildi, deb yozmoqda O‘zA.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda joriy mavsum 117 ming 300 gektarda g‘alla parvarishlanyapti. Viloyat mirishkorlari har gektar bug‘doydan 70 sentnerdan oshirib xirmon ko‘tarib, viloyat bo‘yicha 850 ming tonnadan ortiq don olishni maqsad qilmoqda.
Sessiyada g‘alla parvarishi, xususan g‘alla maysalarining baravj rivojini ta’minlash, o‘z vaqtida oziqlantirish, bahorgi sug‘orish jarayoniga tayyorlash kabi muhim vazifalar muhokama qilindi.
Muhokama jarayonida bu borada namuna ko‘rsatganlarni munosib taqdirlash masalasiga alohida e’tibor qaratilib, viloyat hokimi tomonidan g‘alla shartnomasini birinchi bo‘lib bajargan tumanning to‘rtala sektor rahbariga xizmat mashinasi, shuningdek, 100 sentnerdan oshirib hosil olgan har bir fermer xo‘jaligi rahbariga xohishiga qarab avtomobil yoki qishloq xo‘jaligi texnikasi berilishi ma’lum qilingan.
Faollar yig‘ilishida g‘alla rivoji bilan bog‘liq muhim vazifalar belgilanib, tegishli qaror qabul qilingani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 fevral kuni mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim bo‘lgan g‘alla parvarishini tizimli tashkil etish va hosilga-hosil qo‘shish bo‘yicha amalga oshiriladigan dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgandi.
Unda Qashqadaryo viloyatining Mirishkor, Qarshi, G‘uzor, Chiroqchi va Koson tumanlari, Samarqand viloyatining Bulung‘ur, Jomboy, Pastdarg‘om tumanlari, Jizzax viloyatining Do‘stlik, Sharof Rashidov, Zafarobod tumanlari, Sirdaryo viloyatining Xovos, Oqoltin va Guliston tumanlarida g‘alla o‘sishdan ortda qolayotgani, Toshkent viloyatida esa g‘alla ekish ishlari kechiktirib yuborilgani aytilgandi.
LiveBarchasi