Hukumatdan g‘allaga xarid narxi belgilashdan voz kechish talab qilinmoqda
Jamiyat
−
02 Oktabr 2019
5491Ma’lumki, O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida unni sotishda qat’iy narx belgilangan edi. Biroq, bu ko‘zlangan natijani bermadi. O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari, tomorqa va yer egalari Kengashi mazkur masalada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Vazirlar Mahkamasiga murojaatnoma yo‘lladi. Unda shunday deyiladi:
“Yillar davomida aholini arzon un va non bilan ta’minlash masalasi g‘alla yetishtirish va uni qayta ishlashning davlat tomonidan qat’iyan boshqarilishi va fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan g‘allaning bozor narxlariga nisbatan past narxlarda xarid qilish tamoyillari asosida hal qilinib kelindi.
Natijada, fermer xo‘jaliklarining hosildorlikni oshirish va g‘alla yetishtirish hajmini ko‘paytirishga qiziqishi pasayib, xarajatlarni faqat davlat tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar doirasida amalga oshirib, qo‘shimcha daromad olish uchun o‘z mablag‘larini yo‘naltirishdan manfaatdorligi bo‘lmadi.
Shu bilan birga, arzon unning katta qismi amalda aholining tegishli qatlamlariga yetib bormasdan bozor narxlarida sotildi, ya’ni qo‘yilgan maqsad – aholining manzilli ijtimoiy himoyasi ta’minlanmadi. O‘z navbatida donni qayta ishlash korxonalarida va savdo tashkilotlarida suiste’mol qilish holatlari ham uchraydi.
So‘nggi uch yilda barcha sohalarda bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligida ham olib borilayotgan islohotlar natijasida qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, joriy yilda respublikamiz fermerlari tomonidan 7 mln. tonnadan ortiq g‘alla yetishtirilib, o‘rtacha hosildorlik gektaridan 65 sentnerdan oshishiga erishildi hamda davlat resurslariga qo‘shimcha 532 ming tonna g‘alla qabul qilindi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbuslari bilan bir tonna g‘allaning xarid narxi 1 mln. 200 ming so‘m miqdorida belgilanishi va hosildorlikdan kelib chiqib 25 foizgacha ustama haq to‘lanishi natijasida g‘allaning o‘rtacha narxi 1 mln. 420 ming so‘mni tashkil etdi. Bir so‘z bilan aytganda fermer xo‘jaliklarining moddiy manfaatdorligi oshib, hosildorlik o‘sdi va fermerlar tarixda birinchi marotaba o‘z mehnati samarasini ko‘rdilar.
Lekin, g‘alla xarid narxlari bozor narxlariga yaqinlashtirilgan sharoitda, bir qator don korxonalari fermer xo‘jaliklaridan qabul qilgan g‘alla uchun hisob-kitobni yakuniga yetkaza olmayaptilar.
Buning sababi don korxonalari bug‘doyni bozor narxida xarid qilib, qayta ishlashdan tayyorlangan unning 1 kilosi uchun 1400 so‘mdan, ya’ni Hukumat tomonidan belgilab qo‘yilgan qat’iy narxda sotishlari bilan izohlashmoqdalar. Don korxonalari zarar ko‘rayotganligi sababli, fermerlar bilan o‘z vaqtida hisob-kitob qila olmayaptilar.
Bunday holat don korxonalarida un mahsulotlari ishlab chiqarishda bozor iqtisodiyoti mexanizmi yo‘lga qo‘yilmaganligi, mahsulot yetishtiruvchi, ishlab chiqaruvchi va iste’mol qiluvchi o‘rtasida tizimli zanjir yaratilmaganligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Fikrimizcha, davlat xaridlari bo‘yicha fermerlarning g‘allasiga past narx belgilab, uning arzon bahoda sotilish mexanizmi fermerlar va don korxonalariga iqtisodiy manfaatdorlik keltirmaydi. Ularni g‘alla hosildorligini oshirishga rag‘batlantirmaydi.
Shuningdek, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda yozilgan salbiy holatlar, ya’ni fermerlarimizning sermashaqqat mehnati mahsuli bo‘lgan nonning faqat insonlar iste’moli uchun emas, ba’zi hollarda qoramol, qo‘y va baliq boqish uchun foydalanayotgani xalqimizning asrlar davomida “nonning uvog‘i ham non”, deb amal qilib kelgan qadriyatiga tamoman ziddir.
Eng muhimi, g‘alla yetishtiruvchi fermerlarning o‘z mehnatlari mahsuli bo‘lgan donning narxi va uni qayta ishlash mahsulotlarini sotish tizimi bozor mexanizmlari asosida shakllanmaganligi ularning ertangi kunga to‘liq ishonch bilan qarashlariga imkon bermayapti.
Narxlarning erkinlashtirilishi bozordagi don va un narxining ma’lum darajada oshishiga, bu esa o‘z navbatida ijtimoiy ehtiyojmand aholi xarajatlarining oshishiga olib kelishini yaxshi tushunamiz. Shu sababli bu ijtimoiy masala ham Hukumat tomonidan zudlik bilan ko‘rib chiqilishi va tegishli choralar belgilanishi kerak deb hisoblaymiz.
Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchi zahmatkash dehqonlarimizning g‘alla yetishtirishdan moddiy manfaatdorligini oshirish, ularning o‘z mehnatlariga yarasha daromad olishlari va shu orqali ularning g‘alla yetishtirish hajmlarini ko‘paytirishga qiziqishlari ortishini ta’minlash maqsadida:
• Davlat tomonidan g‘alla yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qishloq xo‘jaligi korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratish tizimini yanada takomillashtirish;
• Fermer xo‘jaliklarida g‘alla yetishtirish uchun talab etiladigan yoqilg‘i moylash mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalari va boshqa resurslarni yetkazib berishni to‘liq bozor mexanizmlariga o‘tkazish orqali ushbu tizimni tubdan takomillashtirish;
• Fermer xo‘jaliklari, don korxonalari va iste’molchilar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni bosqichma-bosqich bozor mexanizmlariga o‘tkazish;
• G‘alla, un va nonning narxi erkinlashtirilishi jarayonida aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini himoyalashga qaratilgan tizimli choralarni amalga oshirish;
• Rivojlangan davlatlar tajribasini chuqur tahlil qilgan holda, respublikada g‘allaga xarid narxi belgilash amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechib, bozorda shakllangan talab va taklif asosida erkin narxlarda sotish tizimini yaratish kerak deb hisoblaymiz”.
LiveBarchasi