Aliyevning partiyasi parlament saylovlarida g‘alaba qozonyapti (video)
Olam
−
02 Sentabr 2024
2851Kecha, 1 sentyabr kuni muddatidan oldin o‘tkazilgan saylovlarda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning “Yangi Ozarbayjon” partiyasi g‘alaba qozonib, mamlakat parlamentidagi 125 o‘rindan 63 tasini qo‘lga kiritishi mumkin. Bu haqda Oracle Advisory Group tomonidan Fuqarolar mehnat huquqlarini himoya qilish ligasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ekzitpol natijalarida keltirilgan.
Yana 40 ga yaqin o‘rin mamlakat hukumatining amaldagi yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlovchi mustaqil nomzodlarga beriladi. Ular orasida Ozarbayjonning Rossiyadagi elchisi Po‘lat Bulbul o‘g‘li ham bor. U Qorabog‘dagi saylov okruglaridan biriga nomzodini qo‘ygan. Qolgan o‘rinlar Ozarbayjon hukumatiga sodiq qolgan partiyalar tomonidan o‘zaro taqsimlanadi.
Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, ekzitpol Naxichevan Muxtor Respublikasidagi oltita saylov okrugini qamrab olmagan, u yerda, TASS agentligining yozishicha, “hukmron partiyaning pozitsiyasi an’anaviy tarzda kuchli”. Shuning uchun uning haqiqiy natijasi bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin.
Muxolifat mamlakatdagi saylovlarni boykot qildi
Ozarbayjonning asosiy muxolifat partiyasi Ozarbayjon Xalq fronti partiyasi navbatdan tashqari parlament saylovlarini boykot qilishga qaror qildi. U o‘z qarorini mavjud sharoitda ularda ishtirok etish ma’nosiz ekanligi bilan izohladi.
“Agar saylovlar hech bo‘lmaganda qisman shaffof bo‘lganida, biz qatnashib, g‘alaba qozongan bo‘lardik, ammo bu yerda 1 foiz bo‘lsa-da shaffoflik yo‘q. Bunday holatda nega biz bu saylovlarda qatnashishimiz kerak?”, deya o‘z pozitsiyasini tushuntirgan muxolifat partiya raisining maslahatchisi Mamed Ibrohim.
Boykotga Ozarbayjon Demokratik kuchlari milliy kengashi koalitsiyasi ham qo‘shildi. Ular o‘z bayonotida saylovlarni “arzon fars” deb atab, unda ishtirok etish milliy manfaatlar nuqtai nazaridan keraksiz va zararli ekanini bildirdi. Kampaniyada muxolifatdagi “Musavat” partiyasi ishtirok etdi. Biroq ekzitpollar natijalariga ko‘ra, u Ozarbayjon parlamentining yangi chaqirig‘ida birorta ham o‘ringa ega bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, Ozarbayjonda navbatdan tashqari parlament saylovlari Yevropa kengashi parlament assambleyasi kuzatuvchilarining ishtirokisiz o‘tkazildi.
LiveBarchasi
Samarqand shahrida metro quriladi.
14 yanvar