Aliyev va Pashinyan endi Putin vositachiligida Moskvada uchrashadi
Olam
−
18 may 2023
3413Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya yetakchisi Vladimir Putin vositachiligida 25 may kuni Moskvada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan muzokaralar o‘tkazishini aytdi.
“Biz Rossiya tomonidan mamlakat Prezidenti vositachiligida 25 may kuni Moskvada uch tomonlama sammit o‘tkazish taklifini oldik, bu taklifni qabul qildik”, degan Armaniston hukumati rahbari.
Shuningdek, u Moskvadan tashqari 1 iyun kuni Kishinyov (Moldova)da Aliyev bilan uchrashmoqchi ekanini qo‘shimcha qilgan. Bu muzokaralar Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Olaf Shols ishtirokida o‘tkaziladi.
“Oktyabr oyida yana ushbu formatdagi uchrashuv Granada (Ispaniya)da o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bryusseldagi navbatdagi uch tomonlama uchrashuv esa iyul oyida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan Pashinyan.
Bundan tashqari, Armaniston Bosh vaziri Ozarbayjon Prezidenti bilan 14 may kuni Bryusselda o‘tkazilgan uchrashuvni “ijobiy qadam” deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mintaqada tinchlik o‘rnatish, tinchlik shartnomasini kelishish va chegaralarni delimitatsiya qilishda muhim ahamiyatga ega.
“14 may kuni biz yana bir qadam tashladik va Ozarbayjon Armanistonning hududiy yaxlitligini, Armaniston esa Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini tan olishini qayd etdik. Shuni ta’kidlashim kerakki, men buni mintaqada tinchlik o‘rnatish, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlik shartnomasi matnini yakunlash va chegaralarni belgilash yo‘lidagi muhim qadam deb bilaman”, degan Nikol Pashinyan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 may kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Bryusselda Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel vositachiligida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazgandi. Unda Baku va Yerevan o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish masalalari muhokama qilingan. Shundan so‘ng, Sharl Mishel Baku va Yerevan Ozarbayjonning Naxchivan Muxtor Respublikasi bilan segmentda temir yo‘l aloqasini tiklash masalasi bo‘yicha kelishuvga yaqin turganini e’lon qildi.
LiveBarchasi