Aliyev va Pashinyan hech qanday kelishuvga erisha olmagani aytildi

Olam

image

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev 31 avgust kuni Bryusselda ikki tomonlama kun tartibidagi eng muhim masalalar yuzasidan kelishuvga erisha olmagan. Bu haqda Pashinyanning o‘zi Vladivostokda mahalliy arman jamiyati bilan uchrashuvda ma’lum qilgan.  

“Aytishim kerakki, Bryusseldagi uchrashuvda biz uchun eng muhim masalalar bo‘yicha kelishuvga erisha olmadik. Gap, xususan, Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal qilish haqida ketmoqda. Boshqa tomondan, Armaniston ham, Ozarbayjon ham tinchlikka erishish muhimligi haqida gaplashmoqda”, deydi u. 

Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon Qorabog‘ masalasi hal bo‘lgan va muzokaralar olib borishga hojat yo‘q, deb hisoblaydi.  

"Bizning pozitsiyamiz va xalqaro hamjamiyatning pozitsiyasi shundan iboratki, bu masala hal etilmagan, uni hal qilish kerak. Xususan, shuni ta’kidlashni istardimki, aprel oyida Rossiyaga rasmiy tashrifidan so‘ng Rossiya Prezidenti [Vladimir Putin] va men Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal qilish uchun hamkorlik qilishimiz kerakligi haqidagi bayonotni imzoladim”, deya qo‘shimcha qildi u. 

Mintaqaviy kommunikatsiyalar

Armaniston Bosh vaziri mamlakat o‘z hududi orqali Ozarbayjonga yo‘lak berish niyatida emasligini, biroq Baku uchun yo‘l ochishga tayyorligini ta’kidladi.  

“Masalan, Ozarbayjon koridor haqida gapirayapti. Men juda aniq aytmoqchimanki, biz Armaniston hududi orqali hech kimga yo‘lak bermaymiz. Lekin biz yo‘lni ta’minlaymiz va ochamiz va har daqiqada buni qilishga tayyormiz. Biz ham Ozarbayjonga takliflarni yetkazdik, Ozarbayjon bu takliflarni qabul qilsa, biz bu kelishuvni juda tez amalga oshira olamiz”, deydi u. 

Pashinyanning fikricha, Baku Armaniston blokadada qolishi uchun mintaqaviy aloqalarni ochmoqchi.  

“Yo‘llar ochilganda bu tahdid, boshqalar aslida kommunikatsiyalardan foydalanishni boshlaydi, lekin biz yo‘q. Biz aloqalarni ochish haqida gapirganda, Armaniston Rossiya bilan temir yo‘l aloqasiga ega bo‘lishini nazarda tutamiz. Hozirda bizning aloqamiz Yuqori Lars nazorat punkti orqali amalga oshirilmoqda”, deydi u. 

Armaniston Vazirlar Mahkamasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, kommunikatsiyalar ochilishi ehtimoli katta.  

“Armaniston, Rossiya va Ozarbayjon Bosh vazirlari o‘rinbosarlari uch tomonlama komissiyasi yetarlicha samarali ishlamoqda”, deydi u. 

Eslatib o‘tamiz, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bugun, 31 avgust kuni Belgiya poytaxti Bryusselda Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel vositachiligida muzokara o‘tkazdi va navbatdagi uchrashuvni noyabr oyida o‘tkazishga kelishib oldi. 

Oradan ikkin kun o‘tib, 2 sentyabr kuni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘ maqomi masalasi aniqlanmaguncha mojarosining yechimi haqidagi bayonotlar o‘rinsizligini aytib chiqdi

Qorabog‘ urushi

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Nikol Pashinyan Qorabog'

Baholaganlar

16

Reyting

3.6

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing