Aliyev otasi qo‘ygan MB raisini 27 yil deganda ishdan oldi

Olam

image

Ozarbayjon Respublikasi Markaziy banki raisi Elman Rustamov 27 yil deganda lavozimidan ozod etildi. Prezident Ilhom Aliyev mamlakat Milliy Majlisiga Elman Rustamovni Markaziy bank boshqaruv kengashi a’zoligidan ozod etish taklifini kiritdi. Bu haqda bugun, 11 aprel kuni parlament matbuot xizmati xabar berdi. 

“Bugun Milliy Majlisning Iqtisodiy siyosat, sanoat va tadbirkorlik qo‘mitasi yig‘ilishida Ozarbayjon Prezidentining Elman Rustamovni Markaziy bank boshqaruv kengashi a’zoligidan ozod qilish va Toleh Kazimovni MB boshqaruv kengashi a’zoligiga tayinlash to‘g‘risidagi taqdimnomasi ko‘rib chiqildi”, deyiladi parlament xabarida. 

Qonun chiqaruvchi organ bergan ma’lumotga ko‘ra, Rustamovni Markaziy bank boshqaruv kengashi a’zoligidan ozod qilish va Kazimovni lavozimga tayinlash masalasi ertaga, 12 aprel kuni parlament yalpi majlisida ko‘rib chiqiladi. Va postsovet mamlakatlaridagi katta ehtimolga ko‘ra, deputatlar Prezident taklifini bir ovozdan ma’qullaydi. 

69 yoshli Rustamov 1995 yildan buyon Ozarbayjon Markaziy banki boshqaruv kengashi a’zosi va raisi bo‘lib ishlab kelmoqda. Boshqaruv kengashi a’zosining lavozimidan ozod etilishi Markaziy bank raisi lavozimini tark etishini ham nazarda tutadi. 

38 yoshli Kazimov hozirda Ozarbayjonning eng yirik xususiy banklaridan biri – Pasha Bank bosh ijrochi direktori va raisi hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur bank Prezident Ilhom Aliyevning oilasi, yanada to‘g‘rirog‘i rafiqasi, mamlakat birinchi vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva (Pashayeva)ning yaqin qarindoshlariga tegishli. 

Ozarbayjon Konstitutsiyasiga ko‘ra, mamlakat parlamenti Prezidentning taklifiga binoan Markaziy bank boshqaruvi a’zolarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi. O‘z navbatida, Prezident Markaziy bank raisini boshqaruv a’zolari orasidan tayinlaydi.

Elman Rustamovni Markaziy bank raisi lavozimiga amaldagi davlat rahbarining otasi, 1993-2003 yillarda mamlakatni boshqargan Haydar Aliyev tayinlagan. 


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Elman Rustamov

Baholaganlar

322

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing