Aliyev Mirziyoyevga o‘z tilaklarini yubordi
Jamiyat
−
24 iyul 5245 4 daqiqa
Bugun, 24 iyul kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni tug‘ilgan kuni munosabati bilan tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
“Hurmatli Shavkat Miromonovich, aziz qardoshim! Tavallud kuningiz munosabati bilan sizga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yo‘llashdan mamnunman”, deya yozgan u.
Aliyev o‘z tabrigida Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosat tufayli O‘zbekiston har tomonlama rivojlanib, barcha sohalarda salmoqli yutuqlarga erishgani, iqtisodiy salohiyatini mustahkamlab, xalqaro maydonda katta obro‘-e’tibor qozonganini ta’kidlagan.
“Bularning barchasi sizning buyuk davlat arbobi sifatidagi mashaqqatli faoliyatingiz va tinimsiz xizmatlaringizning bevosita natijasidir. Qardosh O‘zbekiston sizning qat’iy rahbarligingizda yildan-yilga yangi muvaffaqiyatlarga erishib, jahon miqyosida salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani bizni chin dildan quvontiradi va g‘ururlantiradi”, deydi u.
Ozarbayjon Prezidenti ikki mamlakat xalqlarining qardoshligi, tarixi va milliy-madaniy qadriyatlariga asoslangan ko‘p qirrali aloqalarning bugungi yuksak darajaga ko‘tarilishida Prezident Mirziyoyev katta rol o‘ynaganini aytgan.
“Sizning mamlakatlarimiz birdamligi va ittifoqchiligi yo‘lidagi qat’iy va fidokorona faoliyatingiz Ozarbayjonda sizga nisbatan chuqur hurmat va xayrixohlik tuyg‘ularini uyg‘otdi. Sizning yaqinda Ozarbayjonga davlat tashrifingiz davomida bo‘lib o‘tgan samarali uchrashuvimizni, o‘zaro ishonch, anglashuv va samimiyat ruhida o‘tgan fikrlashuv va muloqotlarimizni iliqlik bilan eslayman. Ozarbayjon va O‘zbekiston Oliy davlatlararo kengashining ikkinchi yig‘ilishi yakunlari, tashrif doirasida qator sohalarga oid hujjatlar imzolangani va muhim kelishuvlarga erishilgani tahsinga sazovor”, degan Aliyev.
Ilhom Aliyev O‘zbekiston rahbari bilan bo‘layotgan o‘rtadagi samimiylik, do‘stlik va birodarlik tuyg‘ularini doimo yuksak qadrlashini aytib, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi qardoshlik hamda ittifoqchilik munosabatlari birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli bundan buyon ham yuksalib, yangi mazmun bilan boyib borishiga ishonch bildirgan.
“Ushbu qutlug‘ ayyomda Sizni yana bir bor samimiy tabriklab, Sizga va oilangizga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, baxt-saodat, qardosh O‘zbekistonning ravnaqi, farovonligi va yanada taraqqiy topishi yo‘lidagi yuksak davlatchilik faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar va yangi zafarlar tilayman”, degan u.
Ma’lumot uchun, bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 68 yoshga to‘ldi.
Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.
1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi.
1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.
Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.
Shavkat Mirziyoyev 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.
U 2016, 2021 va 2023 yillarda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida g‘alaba qozonib, O‘zbekiston Prezidenti etib saylandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda uning otasi, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston rahbariga tabrik yo‘llagandi. Prezident Putin esa o‘z qutlovida Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shayotganini ta’kidlagan. Xitoy rahbari Si Szinpin O‘zbekiston bilan munosabatlarga alohida e’tibor qaratishini aytdi.
Live
Barchasi