Aliyev Erdo‘g‘anga Pashinyan bilan nimalarga kelishib olganini aytib berdi

Jamiyat

image

Ozarbayjon va Armaniston Zangezur yo‘lagini ochish, jumladan, ham temir yo‘l, ham avtomobil yo‘li qurilishi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ma’lum qildi.

Ozarbayjon Prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Ilhom Aliyev Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga qo‘ng‘iroq qilib, Ozarbayjon Prezidenti, Yevropa Ittifoqi kengashi rahbari va Armaniston Bosh vazirining Bryusselda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi haqida ma’lumot bergan.

Prezident Ilhom Aliyev uchrashuvda muhokama qilingan Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik shartnomasini tayyorlash, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish, transport yo‘laklarini ochish va chegaralarni delimitatsiya qilish bilan bog‘liq masalalarga to‘xtaldi. Ozarbayjon Prezidenti uch tomonlama uchrashuv natijalarini ijobiy baholashini aytgan.

Ilhom Aliyevning aytishicha, 23 may kuni Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston Respublikasi o‘rtasidagi davlat chegarasini delimitatsiya qilish bo‘yicha Davlat komissiyasini tuzish to‘g‘risida buyruq chiqargan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Ozarbayjon va Armaniston Zangezur yo‘lagini ochish, jumladan, temir yo‘l va avtomobil yo‘llari qurilishi bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an uch tomonlama uchrashuv haqidagi ma’lumot uchun minnatdorlik bildirib, unda erishilgan ijobiy natijalarni yuqori baholagan.

Eslatib o‘tamiz, Bryusselda o‘tgan uch tomonlama uchrashuvda Ozarbayjon va Armaniston rahbarlari Qorbog‘dagi chegarani belgilash jarayonini boshlashga kelishib olgandi.

Qorabog‘ urushi  

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.  

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

38

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing