Aliyev Armaniston konstitutsiyasini o‘zgartirishni talab qildi
Olam
−
30 avgust
5030Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Armaniston Konstitutsiyasida mustahkamlangan mamlakatga qarshi hududiy da’volarni “yo‘q qilish kerakligini” aytdi. Bu haqda u Ozarbayjon-Turkiya parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari Shamil Ayrim bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi.
Ilhom Aliyevga ko‘ra, o‘z ahamiyatini yo‘qotgan YeXHT Minsk guruhi va unga aloqador institutlar ham butunlay tugatilishi kerak.
“Armanistonning Minsk guruhini saqlab qolish borasidagi pozitsiyasi hayratlanarli. Agar mojaro tugasa va Armaniston Bosh vaziri Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilsa, o‘z ahamiyatini yo‘qotgan Minsk guruhining mavjudligiga nima ehtiyoj bor?” dedi u.
Aliyev, shuningdek, Armaniston tinchlik bitimi tuzishdan manfaatdor emasligini, Fransiya va boshqa G‘arb davlatlaridan qurol sotib olib, o‘z hududida uchinchi davlatlar bilan harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazib, ataylab vaqtni cho‘zayotganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha kelishuv imzolagani xabar qilingan edi.