Alisher Usmonov O‘zbekistonga 50 million dollar naqd pul jo‘natdi
Jamiyat
−
05 mart 2019
25470Taniqli o‘zbek milliarderi Alisher Usmonov o‘zi tug‘ilib o‘sgan diyor – Namanganga 50 million dollar miqdorida homiylik mablag‘ini kiritmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 28 fevral – 1 mart kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida, Xalq deputatlari Namangan viloyat kengashi, faollar va yoshlar bilan uchrashuvdagi nutqida ma’lum qilgan.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi bo‘yicha Usmonov Alisher Burxonovich menga bir taklif berdilarki, agar siz ruxsat bersangiz, o‘rtoq Prezident, 50 million dollarni “Obod qishloq” bo‘yicha Namangan viloyatiga bersam. Siz buni qanday qabul qilasiz? Men aytdimki, bu pullarni “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha har bir tumanga 20-25 milliard so‘mdan tarqatmoqchimiz”, deydi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyevning ma’lum qilishicha, bu quruq va’da emas. Usmonov ajratmoqchi bo‘lgan mablag‘ allaqachon O‘zbekiston hisobiga kelib tushgan.
“Bu pullar allaqachon Toshkentga kelib tushdi. Naqd pulni yubordilar. Biz bunday vatandoshlarimiz bilan g‘ururlanishimiz kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, Alisher Usmonov Toshkentda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markaziga qiymati 8 million dollarga teng bo‘lgan 4 923 nomdagi nodir kitoblar kolleksiyasini tuhfa qilgandi.
LiveBarchasi