Alisher Sultonov Energetika xartiyasi rahbari bilan uchrashdi
Jamiyat
−
20 may 2019
2794Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Alisher Sultonov Xalqaro energetika xartiyasi bosh kotibi Urban Rusnak bilan uchrashdi.
Energetika vazirligi matbuot-xizmati xabar berishicha, muloqot davomida tomonlar O‘zbekistonning energetika sohasidagi islohotlarini va bu jarayonda Energetika xartiyasining ishtiroki masalasini muhokama qildilar. Urban Rusnak Energetika vazirligiga 1994 yildagi Energetika xartiyasiga ilova etilayotgan shartnoma loyihasini ko‘rib chiqib, taklif va sharhlar bildirish borasida iltimos bilan murojaat qildi.
Shuningdek, Urban Rusnak Energetika xartiyasining yig‘ilishlarida O‘zbekistonning doimiy vakili ishtirokini ta’minlash masalasini ko‘tardi. Energetika xartiyasi energetika sohasida to‘plagan amaliy tajribasi bilan o‘rtoqlashishga va zarur ekspert va mutaxassislarni jalb etish borasida hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.
Urban Rusnak kelgusidagi hamkorlik rejalari haqida gapirar ekan, energetika sohasidagi islohotlarga hamda sohaga aloqador qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish borasida amaliy seminar tashkil etishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Tomonlar energetika sohasida islohotlar o‘tkazish va mavjud muammolarni tezkorlikda hal etish maqsadida aloqador vazirliklar mutaxassislari ishtirokida ishchi guruh tashkil etish xususida kelishib oldilar.