Alifbo o‘zgartirilmaydi – Prezident ma’muriyati
Olam
−
02 iyul 2698 2 daqiqa
Qirg‘izistonda davlat tomonidan qirg‘iz alifbosini o‘zgartirish masalasi ko‘rib chiqilayotgani haqidagi gaplar rad etildi. Bu haqda Prezident Administratsiyasining axborot siyosati xizmati rahbari Dayirbek Orunbekov ma’lum qildi.
Orunbekovning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda muhokama qilinayotgan takliflar Fanlar milliy akademiyasining ayrim vakillarining shaxsiy tashabbusi bo‘lib, davlat pozitsiyasini aks ettirmaydi.
“Bu shaxsiy fikr va shaxsiy tashabbus. Davlat tomonidan qirg‘iz alifbosini o‘zgartirish bo‘yicha hech qanday qaror yoki tashabbus qabul qilinmagan va ilgari surilmagan. Qirg‘iz alifbosi avvalgidek 36 harfdan iborat va o‘zgarishsiz qoladi, degan u.
Dayirbek Orunbekov bunday tashabbuslar mualliflarini ularni ommaviy muhokamaga olib chiqishdan oldin ehtimoliy oqibatlar va jamoatchilik rezonansini inobatga olishga chaqirgan.
“Bunday takliflar bilan chiquvchilar mas’uliyatni unutmasligi, tashabbusning zarurati, ehtimoliy oqibatlari va jamoatchilik manfaatini sinchiklab baholashi kerak. Asossiz bahs-munozaralar va noroziliklarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan tashabbuslarni ilgari surishdan avval bu omillarni hisobga olish lozim”, degan u.
Qayd etilishicha, qirg‘iz tilining yangi imlo qoidalari loyihasi muhokama uchun e’lon qilingach, keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan. Eng ko‘p bahslarga sabab bo‘lgan takliflardan biri qirg‘izcha so‘zlarda “E” harfidan voz kechib, uni “Ye” harfi bilan almashtirish bo‘lgan.
Ayrim mutaxassislar bu o‘zgarishni kirill yozuvi fonetikasi nuqtai nazaridan asossiz deb hisoblasa, boshqalar uni imloni soddalashtirish va ehtimoliy lotin yozuviga o‘tish sari qadam sifatida baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbek alifbosi islohoti doirasida ham 4 ta harfning yangi shakli loyihasi e’lon qilingan edi.
Live
Barchasi