Alifbo islohoti: 4 ta harfning yangi shakli loyihasi e’lon qilindi

Jamiyat

image

Kecha, 22 sentyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

“Konferensiya davomida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bo‘lim mudiri Yorqinjon Odilov yangi o‘zbek alifbosiga o‘tish bo‘yicha taklif etilayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi”, deyiladi xabarda. 

Ma’lum qilinishicha, Konferensiyada taklif sifatida Ishchi guruh tomonidan 28 ta harf, 1 ta harflar birikmasi va tutuq belgisidan tarkib topgan takomillashtirilgan alifbo loyihasi e’lon qilingan. Bunda quyidagi 4 ta harf shaklini biroz o‘zgartirish taklif etilgan:
O‘ – Õ
G‘ – Ğ
Ch – C
Sh – Ş 

Shuningdek, o‘zgarishi kutilayotgan harflarning o‘zbek klaviaturasida qanday aks etishi ham ko‘rsatib o‘tildi.

“Davlat rahbari joriy yil Toshkent shahrida o‘z saylovoldi uchrashuvida lotin yozuviga asoslangan alifbomizni takomillashtirish bo‘yicha qator vazifalarni belgilab berdi. Bu borada olimlar, akademik jamoa, tilshunoslar, ziyolilar, madaniyat xodimlari, ommaviy axborot vositalari xodimlarining ishtirokida bamaslahat ish ko‘rishni lozim topdik. Takliflarimiz ilmiy, mantiqiy, amaliy jihatdan ishimizga foyda berishi kerak, deb o‘ylayman”, deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodir Xolbo‘tayev.

 Mutaxassislarning fikricha, ushbu loyiha variantini yaratishda ilmiy, mantiqiy, ta’limiy, texnik jihatlar e’tiborga olingan.

 Anjumanda so‘zga chiqqanlar kun tartibidagi masala juda dolzarb ekani, ko‘p vaqtdan beri alifbomizda ayrim kamchiliklar borligi va ularni bartaraf etish zarurligi haqida jamoatchilik tomonidan ko‘plab fikrlar bildirilayotganini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi e’lon qilingani,  unda bir nechta harflarni o‘zgartirish taklif qilingani haqida xabar bergan edik.

Mashhura Imomova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

lotin yozuvi o'zbek tili Alifbo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing