“Al-Nasr” Ronaldu bilan shartnomani uzaytirmoqchi
Sport
−
13 iyul
4058Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” futbol klubi rahbariyati portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu bilan yangi shartnoma borasida muzokaralarni boshladi. Bu haqda jurnalist Ben Jeykobs X'dagi sahifasida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, futbolchi bilan yangi kelishuv 2026 yilgacha amal qiladi. Yangi shartnoma Ronalduning 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etish imkoniyatini oshiradi, chunki futbolchi mundialda ishtirok etishni rejalashtirmoqda.
Shartnoma muddati tugagach, futbolchi professional faoliyatini yakunlamoqchi.
Ronaldu 39 yoshda, u 5 karra “Oltin to‘p” sohibi, 5 karra Yevropa Chempionlar ligasi g‘olibi, Yevropa chempioni, Millatlar ligasi g‘olibi hisoblanadi. Portugaliyalik futbolchi terma jamoalar, Yevropa chempionatlari, Yevropa Chempionlar ligasi va klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati tarixidagi eng yaxshi to‘purar sanaladi. Futbolchi faoliyati davomida Ispaniyaning “Real Madrid” klubida klub tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylangan.
Ronaldu 2022 yilning dekabrida “Al-Nasr”ga o‘tgan edi. Portugaliyalik hujumchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2025 yilning 30 iyuniga qadar amal qiladi. 2023 yil avgust oyida Ronaldu “Al-Nasr” bilan Arab chempionlari kubogini qo‘lga kiritdi.
LiveBarchasi