“Al-Nasr” muxlislari Ronalduni qo‘llab-quvvatladi

Sport

image

Kecha, 6 fevral kuni “Al-Nasr” jamoasi muxlislari Saudiya Arabistoni Premer-ligasining 21-turidan o‘rin olgan “Al-Ittihod”ga qarshi uchrashuv vaqtida portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronalduni qo‘llab-quvvatlash maqsadida aksiya o‘tkazishdi.

Uchrashuv Ar-Riyoddagi “Al-Avval Park” stadionida bo‘lib o‘tdi va mezbon jamoaning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Gollarga Sadio Mane (84-daqiqada, penalti) hamda Anjelo (90+6) mualliflik qildi.

O‘yinning yettinchi daqiqasida tribunadagi muxlislar Ronalduning ismi va uning mashhur 7-raqami tushirilgan plakatlarni ko‘tarishdi. Shuningdek, ular bir necha daqiqa davomida besh karra “Oltin to‘p” sohibi gollarni nishonlash paytida aytadigan mashhur “Si” shiorini birgalikda kuylashdi.

Ronaldu mazkur uchrashuv qaydnomasiga kiritilmadi. U avvalroq 20-tur doirasidagi “Ar-Riyod”ga qarshi o‘yinni ham o‘tkazib yuborgandi. Xabarlarga ko‘ra, portugaliyalik futbolchi klub rahbariyatidagi ehtimoliy o‘zgarishlar borasida Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasidan aniq kafolatlar yo‘qligi sabab ketma-ket ikkinchi o‘yinni ham o‘tkazib yuborishni rejalagan.

Agar yaqin haftalarda bunday kafolatlar berilmasa, u iyun oyida transfer so‘rashi mumkinligi aytilmoqda.

“Ar-Riyod”ga qarshi o‘yindan so‘ng OAVda hujumchi Karim Benzemaning “Al-Ittihod”dan “Al-Hilol”ga o‘tishi ortidan Ronaldu ham klubni tark etishni o‘ylayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinchalik fransuz futbolchisi yangi jamoasi safida debyut uchrashuvida xet-trik qayd etdi.

Ma’lumot uchun, Krishtianu Ronaldu jahon futboli tarixida eng ko‘p gol urgan futbolchi bo‘lib, hisobida 961 ta gol bor. Portugaliyalik yulduz 2023 yildan buyon “Al-Nasr” safida to‘p surib, 127 ta o‘yinda 111 ta gol muallifiga aylangan.


Maqola muallifi

Teglar

Saudiya Arabistoni Krishtianu Ronaldu “Al-Nasr”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing