“Al-Qoida” BMTning besh nafar xodimini o‘g‘irlab ketdi
Olam
−
13 fevral 2022
11205Yamanning janubida “Al-Qoida” guruhining a’zolari ekani gumon qilingan jangarilar Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) besh nafar xodimini o‘g‘irlab ketishdi. Bu haqda “Associated Press” Yaman rasmiylariga tayanib, xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, BMT xodimlari joriy yilning 11 fevral kuni Abyan viloyatida qo‘lga olingan va noma’lum joyga olib ketilgan. O‘g‘irlab ketilganlarning to‘rt nafari yamanlik va bir nafari xorijlikdir.
“Biz bu holatdan xabardormiz, ammo ma’lum sabablarga ko‘ra izoh bermaymiz”, deya BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrikning so‘zlarini keltiradi nashr.
Rasmiylar BMT Xavfsizlik departamenti xodimlari noma’lum qurolli shaxslar tomonidan o‘g‘irlanganini tasdiqlagan. Yaman qabilalari vakillarining qo‘shimcha qilishicha, o‘g‘irlaganlar to‘lov va xalqaro tan olingan hukumat qo‘l ostidagi ekstremistlarning bir qismini ozod qilishni talab qilgan va ular bilan muzokaralar olib borilgan.
"Yemen Press Agency" ma’lumotlariga ko‘ra, noma’lum jangarilar BMTning olti nafar xodimini o‘g‘irlab ketgan, ulardan biri bolgar va besh nafari yamanlik. Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, ular BAA tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Janubiy o‘tish kengashi (STC) tomonidan nazorat qilinadigan Abyan shahridagi Mudia al-Xadira yo‘lida noma’lum qurolli shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan.
Al-Qoida Arabiston yarim orolida (AQAP) Yaman davlati hududiga joylashgan. Guruh jangarilari 2014 yildan beri davom etayotgan shialarning “Ansorulloh” harakatining hutiy isyonchilari va hukumat kuchlari o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvda ishtirok etgan. 2020 yilda AQSH harbiylari tashkilot rahbari Qosim al-Raimiyni yo‘q qilish maqsadida guruhga qarshi zarba berdi. Fevral oyida Oq uy uning o‘limini tasdiqladi.
LiveBarchasi