Al-Bag‘dodiyning xotini, singlisi va kuyovi qo‘lga olindi – Erdo‘g‘an
Olam
−
06 noyabr 2019
6556Turk qurolli kuchlari ISHID terrorchilik guruhining yo‘q qilingan yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning rafiqasi, singlisi va kuyovini qo‘lga oldi. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 6 noyabr kuni ma’lum qildi.
“Bu haqda bugun birinchi xabarni yetkazyapman. Biz uning rafiqasi, singlisi va kuyovini Suriya hududida ushladik. AQSH Al-Bag‘dodiy o‘zini tonnelda portlatib yuborganidan keyin o‘z foydasiga mediakampaniya boshlatdi. Turkiya esa uning rafiqasini qo‘lga oldi va bu haqda baqirib ovoza qilmaymiz”, deydi Erdo‘g‘an.
Rajab Toyib Erdo‘g‘anning qayd etishicha, Turkiya terrorizmga qarshi qat’iy choralar ko‘rishda davom etadi va respublikaning amaldagi aksilterror tadbirlari har qachongidan ham samarali kechmoqda.
Erdo‘g‘anga ko‘ra, Al-Bag‘dodiyning singlisi kecha, 5 nobyar kuni hibsga olingan va u Turkiyaning migratsiya markazida sud qarorini kutmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 oktyabr kuni AQSH Suriyada ISHID terrorchilik tashkiloti yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyga qarshi maxsus operatsiya o‘tkazgan va natijada al-Bag‘dodiy o‘zini portlatib yuborgan. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, AQSH Prezident Donald Tramp Rossiya va Turkiyaga ushbu operatsiyani o‘tkazishda ko‘mak bergani uchun minnatdorlik bildirib chiqdi.