Akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mansabdorlariga jinoiy ish ochildi
Jamiyat
−
08 noyabr 2019
9729Poytaxt Toshkentda joylashgan "Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi"ning 15,3 mlrd so‘m pul mablag‘larini talon-toroj qilingan. Eng qizig‘i bunga “Davr bank” va “Ipak yo‘li” banki xodimlari ham aloqador. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar bermoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan “Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi”da o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, markazning mansabdor va moddiy javobgar shaxslari, “Davr bank”ning Yunusobod filiali, “Ipak yo‘li” bankining Mirzo Ulug‘bek filiali xodimlari hamda “T.S”, “S.F” MCHJlari mansabdor shaxslari, “X.U” va “S.P.” xususiy korxonalari rahbarlari noqonuniy daromad orttirish maqsadida oldindan jinoiy til biriktirganlari aniqlangan. Ular 2018 yil va joriy yilning o‘tgan davrida markazning jami 15,3 mlrd so‘m pul mablag‘larini talon-toroj qilgan.
Hozirda “Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi” mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi