Oradan 1,5 yil o‘tdi! Bodi-kameralar bo‘yicha Prezident topshirig‘i qo‘pol ravishda buzilgan
Tahlil
−
04 iyul 2019
7936Kecha, 3 iyul kuni “Ichki ishlar organlari xodimlarini mobil videokuzatuv vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingani, unga ko‘ra, YPX xodimlarining bodi-kameralar bilan faoliyat olib borishi 2019 yil 1 iyuldan 2020 yil 1 yanvarga uzaytirilgani haqida xabar bergan edik.
Xo‘sh, nega? Nima uchun bodi-kamera bilan ta’minlash muddati yana uzaytirildi? Bunga YPX xodimlari tayyor emasmi yo moddiy-texnik baza? Vazirlar Mahkamasi qarorida 3 iyul kuni qabul qilingan qarorida 2018 yil 1 dekabrdagi “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida”gi Hukumat qarorining o‘z vaqtida bajarilmasligiga sabab bo‘lgan omillar va tashkilotlar nomlari qayd etildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 dekabrdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasiga 2019 yil 1 aprelga qadar ichki ishlar organlarining yo‘l-patrul bo‘linmalari va patrul-post xizmati xodimlari uchun mobil videokameralar va planshetlar xarid qilish choralarini ko‘rish topshirilgan.
2019 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi tomonidan ichki ishlar organlarining yo‘l-patrul bo‘linmalari va patrul-post xizmati xizmati xodimlari uchun mobil videokameralar va planshetlarni salohiyatli yetkazib beruvchilarni o‘rganish, shuningdek, taklif etilayotgan uskunalarning texnik talablar va parametrlarga muvofiqligini sinovdan o‘tkazish va qiyosiy tahlil qilish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan yo‘l qo‘yilgan ortiqcha sansalorlik va byurokratizm ushbu topshiriqning o‘z muddatida bajarilmasligiga sabab bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘ini bajarish muddatlari qo‘pol ravishda buzilganligi, belgilangan vazifalar bajarilishini tashkil etish choralari o‘z vaqtida ko‘rilmagani va nazorat o‘rnatilmagani uchun:
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorini bajarish muddatlari buzilganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari X.B.Yusupovga va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari R.M.Ergashevga xayfsan e’lon qilindi.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘ini o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmaganligi qat’iy ko‘rsatib o‘tilishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 22 dekabr kuni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga yo‘llagan murojaatnomasida YPX xodimlari bodi-kameralar bilan ta’minlanishi masalasiga to‘xtalib, loyiha 2018 yildan amalga oshirilishini aytgandi.
“Kelgusi yildan boshlab ichki ishlar organlari yo‘l-patrul va post-patrul xizmatlarini o‘z vazifasini bajarish, ayniqsa, fuqarolar bilan muloqot jarayonini qayd etish imkonini beradigan videokameralar bilan ta’minlaymiz. Bu tizim sohadagi mavjud ta’magirlik va suiiste’molchilik holatlarining oldini olish imkonini yaratadi”, degan edi davlat rahbari.
LiveBarchasi