Aktyor Bahrulla Rahimov vafot etdi
Madaniyat-san’at
−
03 avgust 2023
11775Kecha, 2 avgust kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Samarqand viloyat musiqa va drama teatrining yetakchi aktyori Bahrulla Rahimov 64 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Samarqand viloyati musiqali drama teatrining oliy toifali drama aktyori Bahrulla Rahimov 1959 yil 10 aprelida Samarqand viloyati, Pastdarg‘om tumanida tug‘ilgan.
1976-1980 yillarda Aleksandr Nikolayevich Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’at institutining “Drama va kino aktyorligi” mutaxassisligini tamomlagan.
Bahrulla Rahimovteatrdagi 43 yillik mehnat faoliyati davomida Zindonbon va Darvesh (“Ulug‘bek”), Amir Nasrulloh (“Nodirabegim”), Amir Temur (“Samarqandnoma”), Behbudiy (“Behbudiy”), Sulayxiy (“Imom Buxoriy”), Aleksandr Makedonskiy (“Quyosh farzandi Spitamen”), Avaz (“Bir o‘lib ko‘raychi”), Edip (“Edip”), Shayxulislom va Temurning arvohi (“Mirzo Ulug‘bek”), Odam ato (“Qobil ila-Hobil”), Bobo (“Ko‘chki”), Graf Gloster (“Qirol Lir”) kabi rollarni mahorat bilan ijro etgan.
2018 yilda Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tgan “Ming nafas bir ovoz” Turkiy tillarda sahnalashtirilgan spektakllar 11- Xalqaro teatrlar festivali hamda Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan “Samg‘au” 6- teatrlar festivalida “Ko‘chki” spektakli bilan ishtirok etgan. Festivallar doirasida o‘tkazilgan mahorat darslarida ishtirok etib tegishli sertifikat va diplomlarga sazovor bo‘lgan.
Shuningdek, Bahrulla Raximov respublika va viloyat miqyosida o‘tkaziladigan “Sharq taronalari”, “Mustaqillik”, “Navro‘z” va shu kabi tadbirlarning ham faol ishtiroqchisi ham edi.
LiveBarchasi
26 noyabr