Aksilmonopoliya qo‘mitasi “buxanka” qimmatlashganiga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
01 iyun 2022
13731Xabaringiz bor, bugun, 1 iyundan Toshkentdagi oziq-ovqat do‘konlarida qolipli nonni (“buxanka”) 2800 so‘mdan sotish boshlandi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qolipli non narxi oshishiga munosabat bildirdi.
Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan tezkor o‘rganishlar natijasida qolipli non Toshkent shahrida eng yuqori – 2800 so‘m, Qashqadaryoda viloyatida eng past – 1650 so‘m, respublika bo‘yicha o‘rtacha narx esa 2250 so‘m ekani aniqlangan.
Qayd etilishicha, un mahsuloti joriy yil iyun oyidan boshlab birja savdolariga yetarli miqdorda qo‘yilmoqda va bu jarayon ustidan doimiy nazorat o‘rnatilgan. Respublikada un mahsuloti zaxirasi shakllantirilgan bo‘lib, narx navolarning keskin oshib ketmasligi uchun zarur miqdorda un savdolarga qo‘yib boriladi. Xususan, joriy yil iyun oyida 170 ming tonna un birjaga qo‘yilishi, bunda har bir non ishlab chiqaruvchi uchun teng sharoit yaratish maqsadida kichik lotlarda (3 tonnadan) qo‘yilmoqda. Joriy yil 1 iyun holatida 50,5 ming tonnadan ortiq un mahsuloti qoldig‘i mavjud bo‘lib, avgust oyi uchun ham un ishlab chiqarish uchun korxonalarda zarur don zaxiralari mavjud.
“Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, un mahsuloti realizatsiya qilinishining bozor tamoyillariga asoslangan mexanizmi joriy qilinishi, birinchi navbatda bug‘doy yetishtiruvchi fermer va dehqonlardan tortib, ishlab chiqaruvchi va iste’molchilar manfaatini ko‘zlab qilingan qadam bo‘lib, ushbu jarayonda shaffof tizim yaratilishi bilan birga, respublikaning eng chekka hududlariga ham mahsulotning yetib borishi nazoratga olingan.
Shuni e’tiborga olib, non ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar hamda aholidan bu borada havotirga tushmasliklarini, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan asoslanmangan ma’lumotlarga ishonib, sun’iy ajiotaj vujudga keltirmasliklarini so‘rab qolamiz”, deyiladi aksilmonopoliya qo‘mitasi munosabatida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 11 may kuni o‘tkazilgan don mahsulotlari korxonalarida transformatsiya jarayonlarining natijadorligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilishda fermer va klasterlar o‘zi yetishtirgan g‘allani 1 iyuldan boshlab birjada sotishni boshlashi haqida ko‘rsatma bergandi.
Moliya vazirligi vakilining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda bug‘doyning birjada sotilishi narxlarning barqarorlashishiga va kelgusida pasayishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, Ukrainadagi vaziyat tufayli birdan ikki eng asosiy bug‘doy yetkazib beruvchi xalqaro bozordan uzilib qoldi. Ukrainaning bug‘doy eksporti portlarning qo‘ldan ketishi ortidan to‘xtagan bo‘lsa, Rossiya ichki bozordagi ta’minotni bahona qilib, g‘alla sotishni taqiqladi. Bu ham yetmaganidek, jahon g‘alla bozorining uchinchi asosiy o‘yinchisi Hindiston ham bug‘doy eksportini chekladi.
Qayd etish kerakki, Vazirlar Mahkamasining “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 866-sonli Qarori bilan 2019 yil 15 oktyabrdan “O‘zdonmahsulot” AJ tizimidagi tashkilotlar tomonidan 2019 yil hosilidan tayyorlangan va un ishlab chiqarishga yo‘naltiriladigan bug‘doydan boshqa g‘alla iste’molchilarining barcha toifalariga faqat birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotilishi belgilandi. Shundan so‘ng, non narxi 650-700 so‘mdan 1400 so‘mga ko‘tarilgandi. Keyinroq narx yana biroz oshib, 1600 so‘mga yetgan.