Akkreditatsiya markazi ARAS va ILAC kabi xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘ladi
Jamiyat
−
25 aprel 2019
4695Joriy yilning 24 aprel kuni Vazirlar Mahkamasining “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish sohasidagi ishlarni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida ma’lum qilindi.
Qaror bilan “O‘zstandart” agentligi huzuridagi muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazuvchi Akkreditatsiya markazining vazifalari belgilandi.
Akkreditatsiya bo‘yicha Osiyo-Tinch okeani hamkorligiga (ARAS), Laboratoriyalar akkreditatsiyasi bo‘yicha xalqaro tashkilotga (ILAC) va Akkreditatsiya bo‘yicha xalqaro forumga a’zo bo‘lish shular jumlasidandir.
Shuningdek, qaror bilan Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Akkreditatsiya bu muvofiqlikni baholash bo‘yicha faoliyatning muayyan sohasida ishlarni bajarishga yuridik shaxslar vakolatlarining Markaz tomonidan rasman tasdiqlanishidir.
Akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun Markazga zarur hujjatlar bilan buyurtmanoma beriladi.
Taqdim etilgan hujjatlar to‘liq bo‘lsa, Markaz 2 ish kunida akkreditatsiya bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tayyorlaydi.
Markaz xizmatlariga haq to‘langanidan keyin hujjatlar 15 ish kunida ekspertizadan o‘tkaziladi.
Markaz xizmatlariga haq sarflangan vaqtdan kelib chiqib hisoblanadi.
Shuningdek, akkreditatsiya qilish bilan bog‘liq bir qator jarayonlar amalga oshirilganidan so‘ng, Akkreditatsiya markazi akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etadi.
LiveBarchasi