Akayevga qarshi barcha jinoiy ishlar to‘xtatildi
Olam
−
13 yanvar 2023
7551Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi mamlakatning birinchi prezidenti Asqar Akayevga nisbatan “Qumtor” oltin koni bilan bog‘liq jinoiy ish bo‘yicha tergovni to‘xtatdi. Bu haqda bugun, 13 yanvar kuni TASS axborot agentligi Qirg‘iziston Bosh prokuraturasiga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, Akayevga qo‘yilgan barcha jinoiy ayblovlar olib tashlangan.
“Qumtor”da Akayevga nisbatan ish to‘xtatildi”, degan Bosh prokuratura matbuot kotibi.
Avvalroq Qirg‘iziston davlatining birinchi rahbariga nisbatan boshqa epizodlar bo‘yicha ishlarning tergovi to‘xtatilgan edi.
Akayev 1990 yil oktyabr oyida Qirg‘iziston SSR rahbari etib saylangan. 1991 yil avgust oyida u respublikaning birinchi prezidenti bo‘ldi va 2005 yilgacha mamlakat boshida qoldi. Akayev mamlakatda bo‘lib o‘tgan Lola inqilobi natijasida hokimiyatdan mahrum bo‘ldi. Inqilob davrida u lavozimini tark etdi va oilasi bilan mamlakatdan chiqib ketdi. O‘shandan beri Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Moskvada yashab, dars berib keladi.
O‘tgan yili va undan oldingi yili Akayev “Qumtor” ishi bo‘yicha guvohlik berish uchun vataniga kelgan. Bu kon Qirg‘izistonning shimoliy-sharqiy qismida joylashgan bo‘lib, yiliga 15 tonnaga yaqin oltin qazib olinadi. Ilgari uni o‘zlashtirish bilan kanadalik investorlar shug‘ullangan, keyinroq kon davlat tomonidan o‘zlashtirildi.
2005 yil aprel oyida Akayev va uning oila a’zolariga nisbatan bir necha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, shu jumladan korrupsiya moddasi bo‘yicha, hozirda ularning barchasi to‘xtatilgan yoki tugatilgan.
LiveBarchasi