AQSHning Suriyadagi maxfiy operatsiyalarida tinch aholi o‘ldirilgan – NYT
Olam
−
13 dekabr 2021
4849ISHID pozitsiyalariga zarba berishni muvofiqlashtirgan Suriyadagi maxfiy Amerika maxsus guruhi harbiylar uchun ko‘pincha tinch aholining qurbon bo‘lishiga olib kelgan shubhali nishonlarni taklif qilgan. Bu haqda “The New York Times” gazetasi harbiy tuzilmalarning sobiq va amaldagi vakillari, shuningdek razvedka ma’lumotlariga tayanib yozgan.
Anonimlik sharti bilan Talon Anvil otryadi haqida gapirishga rozi bo‘lgan manbalarga ko‘ra, bo‘linma xavfsizlik standartlarini e’tiborsiz qoldirgan. 2014 yildan 2019 yilgacha ishlagan jamoaning ish uslublari boshqa harbiylar va Markaziy razvedka boshqarmasi vakillarini xavotirga solgan. Dehqonlar, bolalar va oilalar zarbalar qurboni bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, ko‘plab zarbalar yuqori martabali harbiylar topshirig‘i bilan emas, balki guruh ichidagi maxsus kuchlarning past darajali qo‘mondonlari tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Harbiy havo kuchlarining bombardimonchi uchuvchilari ba’zan bomba tashlashdan bosh tortgan, chunki ular Talon Anvil aholi zich joylashgan hududlarda shubhali nishonlarni urishni taklif qilmoqda, deb hisoblashgan.
Ta’kidlanishicha, Markaziy razvedka boshqarmasi xodimlari maxsus operatsiyalar rahbariyatiga yuzaga kelayotgan xavotirli vaziyat haqida xabar bergan. Shuningdek, ba’zi harbiy xizmatchilar ham bir qator operatsiyalarda qatnashishdan bosh tortgani aytilgan.
Davlat departamenti va Pentagonning sobiq maslahatchisi Larri Lyuisning so‘zlariga ko‘ra, Suriyada bunday zarbalar paytida tinch aholi qurbonlari soni Afg‘onistondagi shunga o‘xshash operatsiyalarda qurbon bo‘lganlar sonidan 10 barobar ko‘p bo‘lgan. Maqolada aytilishicha, qo‘mondonlik qurbonlar sonining ko‘payishi haqidagi ma’lumotlarni e’tiborsiz qoldirgan.