AQSHning Suriyadagi qo‘shinlari raketalar hujumiga uchradi
Olam
−
29 iyun 2021
8841AQSHning Suriyadagi harbiy kuchlari raketa hujumlariga uchradi. Bu haqda AQSH koalitsiyasi vakili polkovnik Ueyn Marotto ma’lum qildi.
“Mahalliy vaqt bilan kecha, 28 iyun kuni soat 19:44 da AQSHning Suriyadagi kuchlariga bir nechta raketa hujumi uyushtirildi. Jabrlanganlar yo‘q, yetkazilgan zarar hisob-kitob qilinmoqda. Qo‘shimcha ma’lumotlarga ega bo‘lishimz zahoti ularni taqdim etamiz”, deb yozdi u Twitter’da.
Marottoning ta’kidlashicha, AQSH kuchlari o‘zini himoya qilish uchun javoban o‘q uzgan.
“AQSHning Suriyadagi qo‘shinlari ko‘plab raketalar hujumiga uchradi, ular o‘zini himoya qilishga harakat qildi va javob tariqasida artilleriyadan o‘q uzdi” deydi koalitsiya vakili.
Avvalroq Suriyaning SANA agentligi Suriyaning Dayr-az-Zor viloyatidagi Omar neft koni yaqinida AQSH qurolli kuchlari joylashgan hudud raketa hujumiga uchragani haqida xabar bergan edi. Voqea joyidan kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, mintaqada kamida 8 ta snaryad portlagan.