AQSHning Sharqiy Yevropadagi qo‘shinlari qisqartiriladi

Olam

image

AQSH NATOning sharqiy qanotida joylashgan harbiy kontingentini qisqartirishni rejalashtirmoqda. Amerikalik harbiylarning bir qismi Sharqiy Yevropa mamlakatlaridan olib chiqiladi. Bu haqda Ruminiya Mudofaa vazirligi Qo‘shma Shtatlarning Yevropadagi qo‘shinlar sonini kamaytirish haqidagi qarorini e’lon qilgan press-reliz chiqardi.

Unda Ruminiya va ittifoqchilar bu qarordan xabardor qilinganligi aytiladi. Ma’lum qilinishicha, bu AQSH qurolli kuchlarining global joylashuvi bo‘yicha qayta baholash jarayoni doirasida amalga oshirilmoqda.

“Bu qaror kutilgan edi, chunki Ruminiya o‘zining strategik hamkori AQSH bilan doimiy aloqada bo‘lib kelmoqda. Qo‘shinlar sonining qisqarishi fevral oyida e’lon qilingan Prezident ma’muriyatining yangi ustuvor yo‘nalishlari bilan bog‘liq. Qaror qabul qilishda NATOning sharqiy qanotdagi ishtiroki va faoliyati kuchaygani ham inobatga olindi, bu esa AQSHga mintaqadagi harbiy pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqish imkonini beradi”, deyiladi Ruminiya Mudofaa vazirligi bayonotida.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, AQSH qarori Yevropada bir necha NATO mamlakatlarida joylashgan brigada rotatsiyasini to‘xtatishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, Ruminiya hududida qariyb ming nafar amerikalik harbiy xizmatchi qoladi.

"Deutsche Welle" nashrining NATO vakillariga tayanib yozishicha, alyans bu qarorni odatdagi jarayon sifatida baholagan va potensial tajovuzkorlarni tiyib turish uchun zarur kuchlar saqlanib qolayotganini ma’lum qilgan.

“24 kanal” xabariga ko‘ra, AQSH kontingenti Bolgariya, Slovakiya va Vengriyada ham qisqartiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashingtonda polshalik mavqedoshi Karol Navrotskiy bilan uchrashuvda AQSH o‘z qo‘shinlarini Polshadan olib chiqib ketish niyatida emasligini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Sharqiy Evropa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing